Ravshan Ermatov ogʻir judolikka uchradi

    Uzoq yillar davomida iqtidorli sportchilarni tayyorlagan, hakamlik va nazoratchilik faoliyati bilan oʻzbek futboli rivojiga hissa qoʻshgan Sayfiddin Irmatov 71 yoshida vafot etdi.

    Bu xabarni Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi oʻz rasmiy kanalida maʼlum qildi.

    Maʼlumot uchun, Sayfiddin Gaziyevich Irmatov 1953-yil 22-fevral kuni Toshkentda tavallud topgan. Bolaligidan futbolga mehr qoʻyib, millionlar oʻyini bilan shugʻullanib kelgan. Jumladan, yoshlik davrlarida “Paxtakor”, “Spartak” va “Avtomobilchi” jamoalarida toʻp surgan.

    Shundan soʻng Sayfiddin Gaziyevich “Paxtakor” bolalar-oʻsmirlar sport maktabi va xalq orasida “Chigʻatoy” nomi bilan mashhur boʻlgan futbol boʻyicha Respublika Oliy sport mahorati maktabida yoshlarga futboldan saboq bergan. Keyinchalik futbol hakami va inspektori sifatida samarali mehnat qilgan.

    Sayfiddin Irmatov faoliyati davomida koʻplab isteʼdodli yosh hakamlarni tarbiyalashda katta hissa qoʻshgan. Shogirdlari orasida FIFA referisi, futbol mundiallarini boshqarish boʻyicha jahonning mutlaq rekordchisi Ravshan Irmatov, shuningdek, Abduhamidullo Rasulov kabi taniqli hakamlarni uchratish mumkin.

    Shuningdek, tarkibida Server Jeparov, Shuhrat Mirxoldirshoyev, Yaroslav Krushelniskiy, Yuriy Nikitov kabi iqtidorlarni jamlagan 1982-yilda tugʻilgan futbolchilardan iborat Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi bosh murabbiyi boʻlgan.