Fransiyaning PSJ va Ispaniyaning “Real”, Portugaliyaning “Sporting” hamda Angliyaning “Manchester Siti” jamolari oʻrtasidagi uchrashlar qizgʻin bahslarga boy boʻldi.
— Oʻzimni yaxshi his qilyapman, bizda ishonch bor, — degan edi “Real” bosh murabbiyi Karlo Anchelotti oʻyin oldidan oʻz fikrlarini bildirib. — Bu ogʻir oʻyin, qiyin raqib. Bizga oʻxshab ular ham turnirda gʻalaba qozonishni istashadi. Bu oʻyin final boʻlganida ham hech kim hayratlanmasdi. “PSJ”ni turnirdan chiqarib yubormoqchimiz.
Ispaniya qirollik klubi murabbiyi qanchalik oʻziga va jamoasi ishonmasin, baribir magʻlubiyatga uchradi. Ikki grant jamoa oʻrtasidagi matchning 90+4 daqiqasida mezbonlar hujumchisi Mbappe gol kiritib, PSJ gʻalabasini taʼminladi. Oʻyinning 61 daqiqasida Messi 11 metrlik jarima toʻpini darvozaga kirita olmadi. Agar u gol urganda, keyingi oʻyinda “Real”ga ancha qiyin boʻlardi. Xullas, gʻolibni ikkinchi oʻyindan soʻng bilib olamiz.
Kecha boʻlib oʻtgan ikkinchi bahsda bir jamoaning ikkinchisidan ancha ustun ekanligi bilinib qoldi. Safarda oʻynagan “Manchester Siti” “Sporting”ga umuman imkoniyat qoldirmadi. Bahs 0:5 hisobida mehmonlar gʻalabasi bilan tugadi.
Bugun “Red Bull” – “Bavariya”, “Inter” – “Liverpul” oʻyinlari boʻlib oʻtadi.