Oʻquv rejasiga koʻra desantchilar harbiy qismi erta tongdan trevoga signali asosida koʻtarilib, jangovar shay holatga keltirildi. Yuqori qoʻmondonlikdan olingan vazifaga koʻra, jangovar boʻlinma Sirdaryodan oʻtishi va belgilangan hududga yetib borishi lozim. Oʻquv shartiga koʻra koʻprik ustida shartli yoʻl transport hodisasi yuz bergani sababli bir vaqtning oʻzida ponton koʻprikchilar vzvodiga jangovar boʻlinmaning oʻtish imkoniyatini taʼminlovchi muhandislik inshootini barpo etish vazifasi qoʻyilgan.

Desantchilar jangovar boʻlinmasi belgilangan marraga kolonna tartibida marsh uyushtirdi. Eʼtiborli tomoni, oʻtkazilayotgan taktik mashgʻulotlarda qoʻshin turlarining hamkorlikdagi harakatlarini taʼminlashga ham katta ahamiyat berildi. Ponton koʻprikchilar vzvodi zudlik bilan qulay hududga kelib pontonlarni suvga tushira boshladi. Vzvodning maxsus guruhi tomonidan razvedka ishlari amalga oshirildi hamda qirgʻoq qoʻriqlovi tashkil etildi.

Mashgʻulotlarni Mudofaa vazirligi rahbariyati, harbiy okruglarning jangovar tayyorgarlik boʻyicha masʼul ofitserlari, oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari va hamkor kuch tuzilmalari vakillari kuzatib bordi. Muhandislar qoʻyilgan vazifani ado etayotgan bir paytda ponton koʻprigini oʻrnatishga qarshilik qilishga uringan shartli dushman hujumi qaytarilib, jangarilar tor-mor etildi. Muhandislardan esa tezlik va aniqlik bilan harakatlanish talab etildi. Harbiy xizmatchilarning jipslikdagi harakatlari sabab pontonlar bir-biriga biriktirilib, ikkala qirgʻoqni birlashtiruvchi yaxlit muhandislik inshooti hosil qilindi.

Desantchilar jangovar boʻlinmasi Sirdaryoga oʻrnatilgan sunʼiy inshootdan muvafaqqiyatli oʻtishga kirishdi.

Shuningdek, mashgʻulot davomida turli harbiy texnikalar, oʻt ochar qurollar va anjomlar koʻrgazmasidan iborat oʻquv nuqtalari ham tashkil etildi. Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari va tinglovchilariga ulardan samarali foydalanish boʻyicha kerakli maʼlumotlar berildi.

Taktik oʻquvda faol qatnashgan va oʻz xizmat vazifasini sidqidildan bajarib kelayotgan harbiy xizmatchilar Mudofaa vazirining esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Ushbu oʻtkazilgan keng koʻlamli oʻquv mashgʻuloti ham qoʻshinlarimizning har qanday vaziyatda harakatlana olishi, favqulodda vaziyatlarda nostandart qarorlar qabul qilib, qoʻyilgan vazifani bajarish salohiyatini yana-da oshirishga xizmat qildi.

Leytenant Bobur ESONOV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti