Referendumda xorijdagi vatandoshlarimizning ham faol ishtiroki uchun sharoitlar yaratiladi — MSK

    Joriy yil 13-iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2022-yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlari toʻgʻrisida Komissiya kotibi X.Mamatov axboroti tinglandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2022-yil birinchi yarim yilligida oʻz faoliyatini qonunchilikda belgilangan vakolatlari va yuklatilgan vazifalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda Komissiyaning 2021-yil 29-dekabrdagi 1158-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil birinchi yarim yilligiga moʻljallangan ish rejasiga asosan tashkil etdi va amalga oshiridi.

    Markaziy saylov komissiyasining 2022-yilning birinchi yarim yilligiga moʻljallangan ish rejasida belgilangan vazifalar ijrosi oʻz muddatida va sifatli bajarilishi taʼminlandi. Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati quyidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha olib borildi:

    - umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlari, xalqaro kuzatuvchilar tavsiyalari va huquqni qoʻllash amaliyoti tahlillari asosida saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini takomillashtirish;

    - saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish masalalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy davlatlar tajribasini va xalqaro amaliyotni oʻrganish, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar saylov organlari bilan hamkorlik doirasini kengaytirish;

    - saylov tashkilotchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;

    - saylov jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy qilish;

    - markaziy saylov komissiyasi faoliyati samaradorligini oshirish, Kotibiyati tuzilmasi va faoliyatini takomillashtirish;

    - markaziy saylov komissiyasi faoliyati, saylov jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, jamoatchilik bilan aloqalarni rivojlantirish va aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish;

    - mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazuvchi saylov komissiyalari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.

    Majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil ikkinchi yarim yilligiga moʻljallangan ish rejasi muhokama qilindi va tasdiqlandi. Ish rejada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohatlardan kelib chiqib ustuvor vazifalar koʻzda tutilgan. Ikkinchi yarim yillikda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik koʻrish, uni yuqori saviyada tashkil etish Markaziy saylov komissiyasining ustuvor vazifasi ekanligi belgilandi.

    Majlisda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohatlar munosabati bilan respublikada oʻtkaziladigan referendumga puxta tayyorgarlik koʻrishga doir masalalar ham koʻrib chiqildi. Bu borada “Oʻzbekiston Respublikasi referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida tayyorlangan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha Komissiya aʼzolari G.Raximova, B.Yunusov va A.Ibodullayevlar tomonidan axborot berildi.

    Referendumda qonuniylik, holislik va ochiqilikni taʼminlashda kuzatuvchilarning faoliyati juda muhim ahamiyat kasb etadi. Xorijiy (xalqaro) va mahalliy kuzatuvchilar faoliyatini tartibga solish, ularning huquqlarini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar toʻgʻrisidagi hamda Siyosiy partiyalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolarning tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi nizomlar qabul qilindi.

    Shuningdek, avvalgi saylovlarda xorijdagi vatandoshlarimizning faol ishtirokini hisobga olgan holda hamda ularning Konstitutsion huquqlarini toʻlaqonli taʼminlash va referendumda ovoz berishda qulayliklar yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.