Regbichilarimiz chorak finalga chiqdi

    Sport 13 Sentabr 2020 1711

    Kecha Rossiya Federatsiyasining Ufa shahrida MDH davlatlari o'rtasida regbi bo'yicha xalqaro turnirga start berildi.

    Fashizm ustidan qozonilgan g'alabaning 75 yilligi munosabati bilan o'tkazilayotgan musobaqada mamlakatimiz sharafini “Universitet” jamoasi himoya qilmoqda.

    Musobaqaning birinchi kunida hamyurtlarimiz uchta uchrashuv o'tkazishdi. Dastlabki o'yin Belorusning “Huragva” jamoasiga qarshi bo'lib o'tdi. Ushbu o'yinda regbichilarimiz raqib jamoasini 29-7 hisobida mag'lub etishdi.

    Ikkinchi o'yin juda tajribali Ekaterinburgning “Rat” jamoasiga qarshi bo'lib o'tdi, bu uchrashuvda ham regbichilarimiz raqibdan kuchliroq ekanliklarini isbotlab, 19-12 hisobida g'alaba qozonishdi.

    Turnir mezbonlariga qarshi uchinchi o'yinda guruh g'olibi aniqlandi. Hamyurtlarimiz bu o'yinda Boshqirdistonning “Ufa” jamoasi bilan kuch sinashib, yakunda mag'lubiyat alamini totib ko'rishdi.

    SHunday qilib, musobaqaning birinchi kunidan so'ng “A” guruhida 2-o'rinni egallagan hamyurtlarimiz chorak finalda ishtirok etish huquqini qo'lga kiritishdi.

    Bugun, 13 sentyabr kuni “Universitet” jamoasi “S” guruhining g'olibiga qarshi yarim finalga chiqish uchun maydonga tushadi.

    Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
    Matbuot xizmati