Tadbirni Bosh vazir o'rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Aziz Abduhakimov ochib berdi.
UNWTO Evropa mintaqaviy komissiyasi yig'ilishi 65-sessiyasining asosiy mavzusi pandemiyaning turizmga ta'siri va uning oqibatlaridan tiklanish masalasiga qaratildi.
Tadbir Bosh vazir o'rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Aziz Abduhakimov hamda mintaqaviy komissiya raisi – Gretsiya Turizm vaziri Garri Teoxaris nutqlari bilan ochildi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan so'nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan tub islohotlar natijasida O'zbekiston iqtisodiyotining barcha sohalari, jumladan turizm sanoati oldida misli ko'rilmagan imkoniyatlar ochildi”, - dedi Aziz Abduhakimov va ishtirokchilarni O'zbekistonda pandemiya davrida sohani rivojlantirish yo'lida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.
SHu o'rinda u davlat rahbarining 28 maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta'sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo'llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni va “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat'iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga to'xtalib o'tdi.