Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.
Nizom bilan bemorlarni ambulator sharoitda davolanishi uchun shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept asosida dorixonalar orqali dori vositalarini berish va berilgan dori vositalari qiymatini Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplash (reimbursatsiya) tartibi belgilandi.
Reimbursatsiya dasturi asosida bemorlarga dori vositalarini tayinlash Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnoma qilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi shifokori tomonidan amalga oshiriladi.
Elektron retsept tibbiy axborot tizimida shifokor tomonidan bemor uchun rasmiylashtiriladi. Elektron retseptda har bir tashxis boʻyicha uchtagacha dori vositasi koʻrsatilishi mumkin.
Elektron retseptning amal qilish muddati rasmiylashtirilgan kundan boshlab 7 kalendar kunni tashkil qiladi.
Shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangandan soʻng axborot dasturi orqali Jamgʻarma bilan shartnoma tuzgan dorixonalarga uzatiladi hamda bemorning mobil telefon raqamiga mazkur retseptning raqami va sanasi aks ettirilgan SMS-xabarnoma avtomatik ravishda yuboriladi.
Reimbursatsiya dasturi doirasida ishtirok etuvchi dorixonalarning berilgan dori vositalari boʻyicha sarf-xarajatlar mazkur dorilarning narxlari aks ettirilgan hisob-fakturalar asosida Jamgʻarma tomonidan toʻlab beriladi.