Reimbursatsiya-surunkali kasalliklarni davolashda kerakli dori vositalarining xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi

    Davlat tibbiy sug'urta jamg'armasi axborot xizmati rahbari Sayyora SHoeva shu yo'nalishdagi ishlar xususida ma'lumot berdi.

    Har qanday kasallikni davolash qaysidir miqdorda mablag' talab etadi. Tibbiy xizmat narxi oshganda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismida yuqori malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati bo'lmasligi mumkin. Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasining maqsadi esa ana shu muammoni bartaraf etgan holda, tibbiy xizmatdan foydalanishda barchani teng qamrab olishdir.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida joriy etishdan ko'zlangan asosiy maqsad ham aholining moliyaviy qiyinchilikka duch kelmay, zarur tibbiy yordam olishini ta'minlash, el salomatligini mustahkamlashga qaratilgan.

    Sog'liqni saqlash tizimining birlamchi bo'g'ini muassasalarida xalqaro tajribalar asosida qator dasturlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aholiga kafolatlangan paket doirasida bepul tibbiy yordam ko'rsatish va dori vositalari bilan ta`minlash choralari ko'rilmoqda. Shuningdek, surunkali kasalliklarni ambulator sharoitda davolashda zarur bo'ladigan ayrim dori vositalari bilan bemorlarni dorixona orqali bepul ta'minlash dasturi ishlab chiqildi.

    Ushbu dastur Reimbursatsiya deb nomlanadi. Reimbursatsiya - inglizcha so'z bo'lib, “xarajatlarni qoplash” ma'nosini anglatadi – bu aholini dori vositalari bilan ta'minlash hisoblanib, alohida surunkali kasalliklarni davolash uchun shifokor tomonidan buyurilgan dori vositalari xarajatlarini maqsadli kompensatsiya qilishni nazarda tutadi.

    Davolash standartlariga ko'ra dori vositalarini qabul qilish har qanday kasallikni davolashning ajralmas qismidir, biroq surunkali kasalliklarni ambulator sharoitda uzluksiz davolash tizimi mukammal emas. SHu bois aholini zarur dori vositalardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida reimbursatsiyani amaliyotga joriy etishga zaruriyat yuzaga keldi.

    Reimbursatsiya dasturi bemorga oilaviy shifokor yozgan elektron retsept asosida dorixonalar orqali dori vositalarini bepul olish imkonini beradi. Reimbursatsiyaga Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, bronxial astma va o'pkaning surunkali obstruktiv kasalliklarini ambulator sharoitda davolash uchun 11 turdagi dori vositasi kiritilgan.

    Bu dori vositalarini qanday tartibda olish ko'pchilikka qiziq! Buning uchun surunkali kasallik bilan dispanser nazoratida turgan bemorlar o'zlarining oilaviy shifokorlariga murojaat qiladi. SHifokor bemorni zarur tekshiruvdan o'tkazadi agar kerak bo'lsa, uni laboratoriya-diagnostika tekshiruvlariga yuboradi. 10-Xalqaro kasalliklar tasnifiga ko'ra, aniq tashhis qo'yilgach, elektron ambulator kartaga ma'lumotlar kiritiladi va elektron retseptni shakllantiradi. O'sha zahoti bemorning mobil telefoniga SMS keladi. Zaruriyat tug'ilganda (bemorning talabiga ko'ra) shifokor elektron retseptni bemorga qog'oz shaklida taqdim etishi mumkin.

    SHifokordan elektron retseptni olgan bemor DTSJsi bilan shartnoma tuzgan dorixonaga dori vositasini olish uchun murojaat qiladi.

    Reimbursatsiyada ishtirok etayotgan dorixona bemorga dori vositasini elektron retsept asosida bepul beradi. Bunda berilgan dori vositalari bo'yicha dorixonalarning sarf-xarajatlarini Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi qoplab beradi. SHartnoma shartlariga ko'ra dorixonalar ro'yxatga kiritilgan dori vositalarining uzluksiz ta'minotini hamda joriy yil yakuniga qadar ushbu dori vositalari narxini o'zgarmasligini ta'minlashi lozim.

    Reimbursatsiya hukumatimiz tomonidan qo'yilayotgan shaffoflik va adolatlilik tamoiylariga juda mos bo'lib, jarayonlar elektron tarzda amalga oshiriladi. DTSJ, Birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari va dorixona rahbarlari bevosita kuzatib borish imkoniyatiga ega. Alohida ta'kidlash kerakki, Reimbursatsiya hozirda faqatgina Sirdaryo viloyatidagi tajriba-sinov jarayonida amaliyotga tatbiq etilmoqda. Olingan natijalarga ko'ra kelgusida yurtimizning boshqa hududlariga ham joriy etish mo'ljallangan.