Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza, jami 71 ta medalga sazovor bo‘lib, 45 mamlakat orasida faxrli beshinchi o‘rinni egalladi.
Vatanimiz nomini ulug‘lab, dunyoda Yangi O‘zbekiston sportining o‘z o‘rni, o‘z salohiyati borligini namoyish etgan mamlakatimiz sport delegatsiyasi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Osiyo Olimpiya kengashi shafeligida o‘tkazilgan ushbu Osiyo o‘yinlarida qit’aning 45 davlatidan 11 ming nafar sportchi ishtirok etdi.
To‘rt yillikning eng nufuzli kompleks o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 38 sport turida 370 nafardan ziyod sportchi bilan ishtirok etib, 32 ta olimpiya, 6 ta noolimpiya sport turlarida medallar uchun kurash olib bordi.
Mamlakatimizda har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani samarasi o‘laroq qit’a miqyosida o‘tkaziladigan har to‘rt yillikning nufuzli musobaqasi – Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz muntazam yuqori natijalarga erishib kelmoqda.
XIX Osiyo o‘yinlarida Vatanimiz sharafini ulug‘lagan sport delegatsiyasini tantanali kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi va Prezidentimiz tabrigini o‘qib eshittirdi.
Shuningdek, marosimda ishtirok etgan hukumat vakillari, vazirlik, tashkilot mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari, shoirlar, san’atkorlar Osiyo o‘yinlarining tafsilotlari, sportchilarimiz erishgan g‘alabalar xususida to‘lqinlanib so‘zladi.
O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirning g‘olib sportchilarimizga bag‘ishlangan she’ri, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov va boshqa san’atkorlar ijro etgan betakror qo‘shiqlar ko‘ngillarga huzur bag‘ishladi.
G‘olib sportchilar nomidan so‘zga chiqqan boks bo‘yicha XIX yozgi Osiyo o‘yinlari mutlaq g‘olibi, oltin medal sohibi Bahodir Jalolov, yengil atletika sport musobaqalarida ishtirok etgan eng yosh sportchimiz va oltin medal sohibasi Sharifa Davronova, kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Rizamat Soliyev va boshqalar “Xanchjou – 2022” musobaqalarining ahamiyati, davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlar muvaffaqiyatlarning bosh omili bo‘lganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston sportchilari qit’aning eng nufuzli musobaqasida muvaffaqiyatli qatnashishida davlatimiz rahbarining “2023 yilda Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tadigan XIX yozgi Osiyo va IV Paraosiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori muhim rol o‘ynadi. Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan dasturga ko‘ra, sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, tajriba va mahoratini oshirishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va ularda munosib ishtirok etishi uchun barcha sharoit yaratildi.
Osiyo o‘yinlarida Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sha’nini himoya qiluvchi sportchilarimizning imkoniyati va salohiyati yana bir bor sinovdan o‘tkazildi. Xanchjouda qayd etilgan natijalar o‘zbekistonlik murabbiylar va mutaxassislar sportchilarni kompleks musobaqalarga tayyorlashni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yganini ko‘rsatdi.
– Osiyo o‘yinlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, Vatanimiz sharafini yana bir bor ulug‘laganimdan xursandman, – dedi qit’a va jahon, Olimpiya hamda Osiyo o‘yinlari g‘olibi Bahodir Jalolov. – Biz minglab sport muxlislari, xalqimizning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashini his qilgan holda bellashuvlarga kirishdik. Osiyo o‘yinlaridagi muvaffaqiyatimiz mamlakatimizda sportni rivojlantirish, nufuzli sport musobaqalarida munosib ishtirok etish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir.
Ha, sportchilarimiz Xanchjoudagi Osiyo o‘yinlarida o‘z mahorati, tajriba va salohiyatini namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Bu mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida o‘zbek sportining yorqin kelajagini ta’minlashga qodir sportchilar tarbiyalanayotgani, ularni kelgusida yanada yuksak g‘alabalar kutib turganidan dalolatdir.
Shu o‘rinda aytish lozimki, 2018 yili Indoneziyada o‘tgan XVIII Osiyo o‘yinlarida sport delegatsiyamiz 20 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza, jami 69 ta medalni qo‘lga kiritgandi. Xanchjou bahslarida esa hamyurtlarimiz 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza, jami 71 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Bu galgi Osiyo o‘yinlarida 27 mamlakat vakillari oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 41 ta davlat sportchilari kamida bitta sovrinli o‘rin sohibi bo‘ldi. Xanchjoudagi musobaqalar davomida bir qator sport turlari bo‘yicha 13 ta jahon rekordi yangilangani ham Osiyo o‘yinlarining tarixiy ko‘rsatkichi bo‘ldi. Osiyo o‘yinlarida Tailand 1000 nafar, Hindiston 700 ga yaqin, Qozog‘iston delegatsiyasi 527 nafarni tashkil etganini inobatga olsak, 370 dan ziyod sportchi bilan qatnashgan vakillarimiz bor imkoniyatlaridan unumli foydalanib, munosib natijaga erishgani tahsinga loyiqdir.
Osiyo o‘yinlarida hamyurtlarimiz Xitoy Taypeyi, Bahrayn, Shimoliy Koreya, Gonkong, Eron, Indoneziya, Qozog‘iston, Qatar, Singapur, Malayziya, Vetnam, Kuvayt kabi sport sohasida rivojlangan davlatlarni ortda qoldirib, umumjamoa hisobida Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin faxrli beshinchi o‘rinni egallab, O‘zbekiston sporti tarixida yana bir yorqin sahifa ochdi. Ayni holat sportchilarimizni 2024 yili Fransiyada bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida, 2026 yili Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida o‘tadigan XX Osiyo o‘yinlarida bundanda yuksak muvaffaqiyatlarga erishishiga mustahkam zamin hozirlashi shubhasiz.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Abdurahmonov ishtirok etdi.