Har bir yotoqxona binosidagi yashash sharoitlari, ovqatlanish tartibi, boʻsh vaqtlarni mazmunli oʻtkazish imkoniyatlari oʻrganildi. Tashkil etilgan tadbirlarda talabalar oʻz muammolari va takliflarini erkin ifoda etdi. “Talaba bilan bir kun” loyihasining bosh maqsadi ham shu edi aslida. Shuningdek, ijodiy va intellektual salohiyatli yoshlar kashf etildi.
Loyiha doirasida yangi sport maydonchalari – volleybol, vorkaut va mini-futbol maydonlarining ochilish marosimi, milliy liboslar koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Havaskor talabalar milliy vatanparlik ruhidagi qoʻshiqlardan kuyladi. Rektorning iqtidorli yoshlar bilan uchrashuvida talabalar oʻz ijod namunalarini — sheʼrlar, hikoyalar, tarjimalar, ingliz tilidagi esse va ijtimoiy loyihalarini taqdim etdi. “Antanta” Quvnoqlar va zukkolar jamoasining chiqishi, kitobxon yoshlar bilan suhbat yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.
— Rektorimiz bilan bevosita suhbatda boʻlish, oʻz ijodimizni koʻrsatish va ishlarimizning universitet rahbari tomonidan baholanishi biz uchun sharaf. Bu bizga katta motivatsiya berdi, — dedi talaba Maftuna Ahmedova.
Rektorning yotoqxonadagi tongi sogʻlomlashtirish mashgʻulotlari bilan boshlandi. Talabalarda esa bu yodda qolarli voqelik sifatida iliq taassurot qoldirdi.
Munojat Moʻminova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri