Rektor chekka qishloqdagi talabasidan xabar oldi

    Qachonlardir yurtimizning eng chekka hududidagi yoshlar o'z qishlog'iga, uylariga o'zlari tahsil olayotgan universitet rektori kelishini tasavvur qila olarmidi? Shunday holat biror yosh hayotida bo'lganmi?

    Ushbu savollarga javob topish qiyin. Hozir yangi O'zbekistonda yangicha dunyoqarashda, yangicha fikrlaydigan yoshlar va ularga imkoniyat yaratuvchi rahbarlar bor. Yurtimiz — imkoniyatlar mamlakati. Ushbu imkoniyatlar sari olg'a qadam tashlash yoshlarning asosiy vazifasi. Yangilikka intilish kerak, yangilikni yaratish kerak.

    Xabaringiz bor, yurtimiz bo'ylab “Yangi O'zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlari bo'lib o'tmoqda. Shunday tadbirlar Surxondaryo viloyatida ham tashkil etilib, respublika ishchi guruhi vakillari aholi bilan uchrashmoqda.

    Shunday uchrashuvlardan biri Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov tomonidan Surxondaryo viloyati Uzun tumanining qo'shni davlat bilan chegaradosh Bobotog' qishlog'ida bo'lib o'tdi. Uchrashuvlar davomida universitet rektori Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari va ularning ota-onalari bilan uchrashdi.

    Xususan, pedagogika va psixologiya fakul`teti sirtqi ta'lim yo'nalishi talabasi Husniddin Ibrohimov hamda shu fakul`tetning 4-bosqich talabasi Bobomurod Musurmonov va uning ota-onasi Zulfiya va eshboy Musurmonovlar bilan uchrashib, onlayn o'quv jarayonlari, talabaga yaratilgan sharoitlar va darslarni o'zlashtirish holati bilan tanishdi.

    — Biz yashayotgan joylarga poytaxtdan oliy ta'lim muassasasi rektori birinchi marta kelganidan juda xursandmiz. Bu biz va farzandimiz uchun juda katta sovg'a bo'ldi. Albatta, farzandim Bobomurod o'zi o'qiyotgan universitet rektorining ishonchini oqlaydi. Bu ishonch unga katta mas'uliyat yuklaydi va kelajakda davlatimiz uchun munosib pedagog kadr bo'lib etishishi uchun biz ham ota-ona sifatida barcha sharoitni yaratib beramiz, — dedi eshboy Musurmonov.

    Sirtqi ta'lim yo'nalishida o'qiyotgan talaba Husniddin Ibrohimov hozir Uzun tumanidagi 35-maktabda o'qituvchilik qilmoqda. U universitet rektori kelganidan mamnunligini hamda professor-o'qituvchilardan olayotgan bilimlarini maktabda qo'llayotgani va o'z ustida yanada ko'proq ishlab, magistratura bosqichida ham tahsil olib, ilmiy tadqiqot ishi bilan shug'ullanishni rejalashtirayotgani haqida aytib o'tdi.