Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Xabar berilishicha, hozirgi kunga kelib “Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi”ning neft va gaz konlarida nosozlik sabab toʻxtatilgan barcha 14 ta gaz haydash agregatlari ishga tushirildi va ish rejimida ishlamoqda.

Yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish natijasida Muborak GQIZda gaz taʼminoti toʻliq tiklandi. Biroq, 4-yanvar kuni yetkazib berilmagan hajmlar toʻldirilmadi, bu esa zarur gaz bosimini tiklashga toʻsqinlik qiladi.

Shuningdek, 4 va 5-yanvar kunlari havo haroratining pasayishi tufayli gaz isteʼmolida oʻsish kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan, respublika aholi isteʼmolchilari va elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ korxonalarini tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash birinchi darajali vazifadir.

Shuning uchun, bir qator zarur vaqtinchalik choralar joriy etilmoqda. Ulardan biri – avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH)ning soat 15.00 dan 05:00 gacha ishlashini cheklashdir. Ushbu vaqtinchalik chora magistral gaz quvurlarida barqaror gaz bosimi taʼminlanishi yoʻlga qoʻyilgunga qadar joriy etiladi.

Ushbu cheklovlar bir qator hududlarda mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda joriy qilinadi.