Respublika fan olimpiadasi gʻoliblariga 12800 dollarlik vaucherlar topshirildi

    Ta'lim 24 May 2021 1342

    Respublika fan olimpiadasida gʻolib boʻlgan oʻquvchilarga Oʻzbekiston – Koreya xalqaro universitetida grant asosida oʻqish uchun 12800 AQSH dollari qiymatidagi vaucherlar topshirildi.

    22 - 23-may kunlari mamlakatimizning barcha hududlarida fan olimpiadasining respublika bosqichi oʻtkazildi. Fizika, informatika hamda tarix fanlaridan respublika olimpiadasining yakuniy bosqichiga Namangan mezbonlik qildi. Namangan muhandislik-texnologiya institutida mazkur fanlardan olimpiada gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boʻldi.

    Bellashuvlarda viloyat bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 111 nafar ishtirokchi 2 turda oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdi. Hakamlar hayʼati tomonidan yigit-qizlarning bilimlari adolatli baholanib, gʻoliblar aniqlandi. Yakuniy natijalarga koʻra, fizika fanidan Navoiy viloyati, Navoiy davlat pedagogika instituti qoshidagi akademik litseyi oʻquvchisi Umid Muhammedov, informatika fanidan Namangan viloyati, Namangan shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Azimjon Oʻrinov, tarix fanidan Surxondaryo viloyati, Termiz Davlat universiteti qoshidagi akademik litseyi oʻquvchisi Bekzod Pardayev 1-oʻrinni egallab, gʻalabani qoʻlga kiritdilar.

    Eʼtiborlisi, fizika fanidan 5 nafar, informatika fanidan 5 nafar oʻquvchiga Oʻzbekiston – Koreya xalqaro universitetida 4 yillik grant asosida oʻqish imtiyozini beruvchi 12800 AQSH dollari qiymatidagi vaucher va sertifikatlar topshirildi. Tadbirda gʻoliblar diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlanib, olimpiadaning barcha qatnashchilariga maxsus sertifikatlar topshirildi, deya xabar berdi Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati.

    Marosimda Xalq taʼlimi vazirligining Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash departamenti direktori Umid Rahmonov, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Rustamjon Isroilov, Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odiljon Mamatkarimov, Oʻzbekiston – Koreya xalqaro universiteti rektori Park Jun Xo hamda bir qator professor oʻqituvchilar ishtirok etdilar.