Respublika, hudud va tumanlarda “Kelajak” markazlari tashkil etiladi

    Siyosat 9 Sentabr 2025 1280

    “Kelajak” markazlari maktablar bilan uzviy va maqsadli tadbirlarni jonlantirib, muhandislik, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, kitobxonlik, sport va ekologiya yoʻnalishlari boʻyicha oʻquvchilarni toʻgaraklarga jalb qiladi.

    Kuni kecha Prezidentimiz maktabdan tashqari taʼlimni yangi bosqichga olib chiqish, oʻquvchilarni boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish boʻyicha qarorni imzoladi.

    Joylardagi 219 ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, Oʻquvchi yoshlar markazi va Oʻzbekiston bolalar tashkiloti negizida respublika, hudud va tumanlarda “Kelajak” markazlari tashkil etiladi.

    “Kelajak” markazlari maktablar bilan uzviy va maqsadli tadbirlarni jonlantirib, muhandislik, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, kitobxonlik, sport va ekologiya yoʻnalishlari boʻyicha oʻquvchilarni toʻgaraklarga jalb qiladi.

    Ushbu tizim bilan barcha maktablar qamrab olinishi taʼkidlandi. Har bir oʻrta maktabda maslahatchi lavozimi joriy qilinadi. Maslahatchilar oʻquvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab, til, kasb, muhandislik, ijod, sanʼat va sport toʻgaraklarini tashkil qiladi.

    Maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlari sinf rahbari, maktab psixologi bilan xulq-atvorida salbiy oʻzgarish boʻlgan oʻquvchilarni taʼlim va oiladagi muammolarini oʻrganib, ularni yengib oʻtishga hamrohlik qiladi.

    Mahalladagi yoshlar yetakchilari esa oʻquvchilarni maktabdan tashqari vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun masʼul boʻladi.

    Eng asosiysi, endi maktablarda oʻquvchilarning toʻgaraklar, sport, volontyorlik va olimpiadalarda erishgan natijalari boʻyicha “raqamli portfolio”si shakllanib, elektron shahodatnomada koʻrsatiladi.