Ishchi guruh tarkibiga Xalq qabulxonalari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul xodimlari, 18 ta respublika vazirlik va idoralari, viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar masʼullari jalb etildi.
Respublika ishchi guruhi viloyatning barcha tuman va shaharlarida “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosida aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir qiluvchi omillarni oʻrganish, dolzarb va yechimini kutayotgan muammolarni xonadonbay, mahallabay hal etish boʻyicha ishlarni olib bormoqda.
Jumladan, guruh faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida bevosita aholi murojaatlaridan kelib chiqqan holda 2022-yil 25-oktyabrida qabul qilingan “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarorining ijrosini taʼminlash belgilangan.
Oʻrganishlar davomida mazkur qaror ijrosi boʻyicha yoʻl qoʻyilgan qator kamchiliklar va bajarilmagan ishlar aniqlandi.
Xususan, viloyat boʻyicha rejalashtirilgan baʼzi ijtimoiy soha obyektlarning qurilish ishlari boshlanmaganligi, taʼmirlanishi rejalashtirilgan ichki yoʻllar, joylarda ichimlik suvi taʼminoti, yangi elektr tarmogʻi tortish va qoʻshimcha gaz quvuri oʻtkazish kabi muhim yoʻnalishlarda kamchiliklar aniqlandi.
Misol uchun, Ulugʻnor tumani “Yangiobod” mahallasi hududida temir-beton ustunlar oʻrnatilganiga 2 yildan ortiq muddat oʻtgan boʻlsa-da, elektr kabeli tortilmagan, oqibatda 100 dan ortiq aholi xonadonlarining elektr taʼminotida uzilishlar yuzaga kelmoqda. Boʻston tumanida A373 “Toshkent-Oʻsh” xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yoʻlining 45 km qismini taʼmirlash ishlari 10 yildan buyon yakuniga yetkazilmagan. Izboskan tumani “Iftixor”mahallasi Zamondosh koʻchasida 2,8 km suv quvurining tortilishi uchun 2 mlrd. soʻmlik loyiha hujjatlari rasmiylashtirilgan. Biroq, bugungi kunga qadar mablagʻ ajratilmagan va boshqalar.
Oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, Respublika ishchi guruhi tomonidan qator amaliy ishlar olib borildi.
Xususan, joylarda ijtimoiy infratuzilma holatini yaxshilash boʻyicha 7,8 km yoʻl taʼmirlandi, 2 dona yangi transformator oʻrnatildi, 24 ta temir-beton tayanchlar oʻrnatildi, yangi elektr tarmogʻi tortilmoqda. Ichimlik suvi taʼmingotini yaxshilash borasida 54 ta mahallada 18,1 km tarmoq totildi, Jalaquduq tumani “Xasanqovoq” mahallasi va Izboskan tumani “Iftixor” mahallasida suv minoralari taʼmirlandi.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash masalalari ham Respublika ishchi guruhi eʼtibor markazida boʻlib qolmoqda.
Viloyatda 2 420 nafar fuqarolar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Tibbiy koʻriklarda aniqlangan 73 nafar bemorlar hududiy shifoxonalarga yotqizildi, 28 nafariga viloyat shifoxonalariga order berildi. Shaxrixon tumanida 4 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Bundan tashqari, 14 nafar kam taʼminlangan oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari, 31 nafariga kiyim-kechaklar bepul yetkazildi.
Respublika ishchi guruhi faoliyati viloyatda davom etmoqda.