Respublika ishchi guruhi: Sirdaryo natijalari

    Mamlakatimizda 24 Mart 2023 933

    Bugun viloyatdagi 112 ta mahallada dasturlar asosida bunyodkorlik ishlari olib borilyapti.

    Xalq bilan doimiy muloqot, xonadonma-xonadon oʻrganishlar, muammolar yechimiga qadamba qadam intilish, mahallalarni qamrab olayotgan bunyodkorlik harakati, oilaviy tadbirkorlik ravnaqi uchun sharoit yaratish, kengliklardan ufqlarga tutashayotgan xalq sayllari, mingyillik qadriyatlar tarannumi... – bugun sirdaryoliklarning hayot manzaralarida ham yangilanish kuch-qudrati mana shunday bor boʻy-basti bilan namoyon boʻlyapti. Respublika ishchi guruhining “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosidagi faoliyati esa Prezident Xalq qabulxonalari, sektorlar va mahalla tizimlarining yanada uygʻun-samarali ishlashini yoʻlga qoʻyish, dasturlar ijrosi va tizimli masalalar hal qilinishini jadallashtirishda yana bir muhim platforma boʻldi.

    Bugun viloyatdagi 112 ta mahallada dasturlar asosida bunyodkorlik ishlari olib borilyapti. Yaʼni bugun deyarli har ikki-uch mahalladan bittasida yoʻllar taʼmiri, ichimlik suvi yoki elektr energiyasi taʼminoti bilan bogʻliq tizimli masalalar hal qilinyapti.

    Jumladan, jami 13,4 km yoʻl taʼmirlandi. Shundan, 8,7 km yoʻlga asfalt yotqizildi, 2,7 km betonlashtirildi, 2 km shagʻallashtirildi.

    Elektr taʼminoti masalasida 61 ta temir-beton tayanchlar, 6 ta transformator oʻrnatildi, 2,8 km yangi tarmoq tortildi.

    Ichimlik suvini yaxshilash borasida 16,6 km ichimlik suvi tarmogʻi tortildi, 2 dona quduq va 5 dona suv minorasi qurilish ishlari bajarildi. Aytaylik, Sirdaryo tumani markazidan 20 km. olisdagi Sholikor mahallasi ahlining ham ichimlik suvi bilan bogʻliq koʻp yillik muammosiga bu yil nihoyat yechim topildi. Dasturlar asosida 11,7 km. tarmoq tortilayotgani bilan 400 ta xonadon ichimlik suvi bilan barqaror taʼminlanadi. Yoki Sayxunobodning Olgʻabos mahallasi aholisi murojaatlari asosida esa 180 metrdan chuchuk suv chiqarilyapti, 2,6 km. quvur bilan esa 70 ta xonadonga obi hayot kirib boradi.

    “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosidagi faoliyatdan koʻzlangan yana bir maqsad – aholining dasturxoni toʻkinligi-yu roʻzgʻori butligini taʼminlashdan iborat. Shu maqsadda 541 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga 13 mlrd. soʻm kreditlar ajratildi. Shundan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 195 nafar fuqaroga 4,1 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi. Misol uchun, Yangiyer shahri “Bobur” mahallasida yashovchi Jamshid Hamroqulov xonadonidagi oʻrganishlardan soʻng unga uyida baliqchilik bilan shugʻulanishi uchun 30 mln. soʻm kredit ajratildi.

    “Yuksalish” mahallasida yashovchi Bahriddin Danishev esa murojaatidan soʻng 300 mln. soʻm imtiyozli kredit evaziga xonadonida sut mahsulotlarini qayta ishlashni yoʻlga qoʻydi.

    “Binokor” mahallasi aholisi tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun avval Yangiyer shahri markaziga borgan boʻlsa, endi oʻrganishlar asosida mahallaning oʻzida konteyner qoʻyilib, tibbiyot punkti tashkil qilindi.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotimizga joriy qilinayotgan xalq bilan muloqot tizimining yangi-yangi mexanizmlari ham shu koʻhna zamin bagʻriga ezgu niyatlar bilan qadalayotgan nihollar kabi umidbaxsh, bunyodkorlikka esh, obodlik manzillariga tutash. Aslida ham olam eski, ammo odam qalbi doim yangidir.