Respublika miqyosida avtotransport vositalari ekologik nazoratdan oʻtkazilmoqda

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida respublika boʻylab “Toza havo” oyligining birinchi bosqichi boshlandi.

    “Toza havo” oyligi “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida” hamda “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi qonunlar ijrosini taʼminlash maqsadida 2 bosqichda oʻtkaziladi. Birinchi bosqich 10-apreldan 10-maygacha, ikkinchi bosqich 10-avgustdan 10-sentyabrgacha (Toshkent shahrida 10-sentyabr — 10-oktyabr) davom etadi.

    Tadbir davomida respublikamizning barcha hududlaridagi yoʻl-patrul maskanlarida, viloyat, tuman (shahar)larning markaziy koʻchalarida benzin, dizel, tabiiy siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanadigan avtotransport vositalarining atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asbob-uskunalar orqali koʻrikdan oʻtkaziladi. Ekologik nosoz deb topilgan transport vositalari haydovchilariga tegishli choralar koʻrilib, nosozlik bartaraf etilmaguncha transport vositasidan foydalanish taqiqlanadi.

    Maʼlumot uchun, “Toza havo” oyligi texnika vositalaridan atmosfera havosiga meʼyoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida doimiy tarzda oʻtkazib kelinmoqda. Xususan, oʻtgan 2023-yilda 318 556 ta avtotransport vositasi ekologik nazoratdan oʻtkazilgan va atmosferaga jami 209 232 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldi olingan.