Respublika onkologiya markazi direktoriga xorijlik maslahatchilar tayinlandi

    Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktoriga saraton xizmatlarini strategik rivojlantirish va saraton kasalliklari milliy registrini yaratish boʻyicha 2 nafar xorijlik maslahatchi va 1 nafar mutaxassis tayinlandi.

    Janubiy koreyalik ushbu mutaxassislardan biri – professor Von Ja Li Seul Milliy universiteti va AQSHning Alabama universitetida tahsil olgan. Mashhur olim Janubiy Koreyadan tashqari, xalqaro miqyosda, jumladan, Alabama universiteti va AQSHning Florida Sanitar taʼlim masalalari boʻyicha departamentida ilmiy tadqiqotlar olib borgan.

    Shuningdek, mahalliy va nufuzli xorij dasturlarida oʻz taqdimot va tadqiqot loyihalari hamda ilmiy maqolalari bilan ishtirok etgan. Shu bilan birga, professor Von Ja Lining tibbiyotga doir 10 dan ziyod kitob va oʻquv qoʻllanmalari chop etilgan. U bugunga qadar Koreya jamoat salomatligi assotsiatsiyasining Kyongi filiali direktori hamda Koreya sogʻliqni saqlash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimlarida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

    Maslahatchi lavozimiga tayinlangan yana bir Janubiy koreyalik mutaxassis — professor Jaye-Suk Rim Seul Milliy universitetini tamomlagan. Keyinchalik mazkur oliy oʻquv yurtida oʻz ilmiy faoliyatini davom ettirib, PhD darajasini yoqlagan. Qolaversa, Janubiy Koreyaning Guro gospitali va Ansan kasalxonalari bilan bir qatorda Yaponiyaning Tokio kolleji, AQSHning Alabama universitetlarida malaka oshirgan. Shu bilan birga, Indoneziya, Kambodja, Marokash kabi Osiyo va Afrika mamlakatlarida ilmiy faoliyat olib borgan. U bugunga qadar Janubiy Koreyaning Gachon universiteti Biznes boshqaruvi oliy maktabida Tibbiyot boshqaruvi kafedrasi professori sifatida ishlab kelayotgan edi.

    Bundan tashqari, belaruslik Yevmenenko Alesya Aleksandrovna saraton kasalliklarining milliy registri (saraton registri)ni yaratish va ushbu sohani rivojlantirish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga mutaxassis sifatida ishga taklif etildi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, 2023-yilda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazining yangi binosi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

    Mazkur bino 10 qavatli, 650 oʻringa ega boʻlib, 16 ta jarrohlik xonasi, 50 bemorga moʻljallangan reanimatsiya xonasi, davolash va tashxis boʻlimlarini oʻz ichiga oladi. Shuningdek, 100 koykadan iborat kimyoterapiya ambulator xizmati hamda 500 nafar bemorni qabul qilishga moʻljallangan onkologiya konsultativ-diagnostika markazi ham faoliyat yuritadi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.