Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori D.Alimov Koreya Respublikasida xizmat safarida bo'ldi. Tashrif doirasida ushbu mamlakatning eng ilg'or tibbiyot muassasalari 5 taligi va dunyoning top-100 ro'yxatidan o'rin olgan Seul milliy universitetining Bundang klinikasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ma'lumot o'rnida aytish lozimki, mazkur shifoxona o'z faoliyatini 2003 yilda boshlagan bo'lib, 1500 o'rindan iborat. Ayni paytda markazga kuniga 10 mingga yaqin murojaat qabul qilinib, yiliga 350 ming nafardan ortiq bemorga statsionar yordam ko'rsatiladi. Shuningdek, bu erda har yili 42 mingdan ziyod yuqori texnologik xirurgik amaliyotlar bajariladi. Ilg'or raqamli texnologiyalarni davolash jarayoniga to'liq tatbiq etgan muassasa bugungi kunda ushbu yangi usullarni Evropa va AQSh klinikalariga eksport qilmoqda. Yillik ilmiy-tadqiqot byudjeti 30 mln. AQSh dollaridan iborat bo'lgan markaz 30 dan ortiq bo'limlarda o'tkaziladigan ilmiy loyihalar bo'yicha mamlakatning eng etakchi tibbiyot muassasasi sifatida tan olinadi.
Tashrif doirasida bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatishda zamonaviy yondashuv, jumladan, tibbiy saralash mezonlari, tibbiyotni raqamlashtirish, tibbiy ta'lim, teletibbiyot bo'yicha hamkorlik va simulyatsion texnologiyalardan foydalangan holda yangi amaliyotlarni yo'lga qo'yish bo'yicha hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, muloqot davomida ushbu markazda qo'shma shikastlangan bemorlar uchun yaratilgan yordam tizimi haqida ma'lumot berildi. O'z navbatida, o'zbekistonlik mutaxassis mamlakatimizda ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar va erishilgan yutuqlar bilan koreyalik hamkorlarni tanishtirdi.
Muloqot yakunida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Seul milliy universitetining Bundang klinikasi bilan ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish bo'yicha shartnoma imzolandi.