Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etilmoqda va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qoʻllab-quvvatlashga doir islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida keng targʻib qilish;

xotin-qizlarning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishi, munosib ish topishiga har tomonlama koʻmaklashish, tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatini toʻgʻri yoʻnaltirish;

hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish;

turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini koʻpaytirish borasida tizimli chora-tadbirlarni belgilash;

xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarni chuqur tahlil qilish, ilgʻor tajribalar asosida mavjud muammolarni hal qilish boʻyicha qonunchilik va amaliyotni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

xotin-qizlarning oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda farzand tarbiyasidagi rolini oshirish choralarini koʻrish;

hududiy xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari, mahallalardagi “Ayollar maslahat kengashlari” faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorligini taʼminlash, ularga uslubiy-amaliy koʻmaklashish;

“Ayollar daftari” bilan manzilli ishlash, mutasaddi tashkilotlar, sektorlar tomonidan xotin-qizlar muammolari oʻz vaqtida bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish.