Respublikada moyli ekinlarni yetishtirish rivojlantiriladi

    Agrosektor 15 Iyul 2025 2833

    “Respublikada moyli ekinlar yetishtirishni rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (438-son, 14.07.2025-y.) qabul qilindi.

    Qaror bilan respublika hududlarida moyli ekinlar urugʻliklarini yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan tumanlar tasdiqlandi.

    Qarorga koʻra, hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan maydonlarning 5 foizigacha almashlab ekish tizimida moyli ekinlar ekilishiga ruxsat beriladi.

    Kungaboqar ekinining tuproq unumdorligiga taʼsirini inobatga olib, asosiy va takroriy maydonlarga ekilgan kungaboqar ekinidan keyin siderat ekinlarini ekish va tuproq ostiga shudgor qilish amaliyoti qoʻllaniladi.

    Qayta ishlovchi yogʻ-moy korxonalari bilan mahsulot yetishtiruvchi subyektlar oʻrtasida moyli ekinlar hosilini xarid qilish boʻyicha shartnomalar “Agroplatforma“ axborot tizimi orqali tuziladi.

    2026-yil hosilidan boshlab, moyli ekinlar yetishtiriladigan maydonlarning aniq hisob-kitobi yuritiladi va ushbu ekin maydonlarining 500 gektarida ilmiy asoslangan almashlab ekish tizimi joriy qilinadi.