Ochilish marosimiga bagʻishlangan tadbirda Milliy gvardiya qoʻmondoni R.Djurayev soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, aholini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, qulay mehnat va xizmat sharoitlarini yaratish borasida, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xususida soʻz yuritdi.

Prezidentimizning 2021-yil avgust oyidagi qarori bilan Mehribonlik muassasalari Milliy gvardiyaga biriktirilib, masʼuliyatli vazifalar yuklatilganligi, yangi markazning ishga tushishi esa, tizimda olib borilayotgan samarali ishlarning mantiqiy davomi ekanligini ham taʼkidladi.

Shuningdek, yangi markaz aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, qarovsiz qolgan, imkoniyati cheklangan bolalar, uyushmagan yoshlar hamda ayollarga yagona tizimda psixologik xizmat koʻrsatishga moʻljallanganligini ham qayd etib oʻtdi.

Tashrif buyurganlar, Yoshlar innovatsion maskanidagi dasturlash, aero-modellashtirish va robototexnika yoʻnalishlari boʻyicha zamon talablariga mos jihozlangan oʻquv xonalari bilan yaqindan tanishdilar. Bolalar psixologiyasi markazi tarkibidagi, Bolalar psixologiyasi, Artterapiya, Geshtalt terapiya, Yoga va Xoreografiya boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkaziladigan xonalar va u yerda yaratilgan sharoitlar ham tadbir ishtirokchilariga birday manzur boʻldi.

Bolalar psixologiyasi markazi boshligʻi, oliy toifali psixolog, Natalya Popova esa, markaz oldidagi maqsad va vazifalarga toʻxtalib, yuqorida qayd etilgan fikrlar va bildirilgan ishonch, oʻzi va qoʻl ostidagi mutaxassislarga ulkan masʼuliyat yuklashini mamnuniyat bilan taʼkidlab, tashrif buyurgan barcha mehmonlarga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.

Tadbir doirasida yangi maskanni barpo etilishida yaqindan koʻmakdosh boʻlgan bir qator mutasaddilar. Milliy gvardiya qoʻmondonining buyrugʻi bilan “Maʼnaviyat aʼlochisi” koʻkrak nishoni, “esdalik qoʻl soati” hamda “Faxriy yorliq” bilan taqdirlandi.

Yangi binoning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati aʼzolari, turli vazirliklarning mutasaddi rahbarlari, hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri