Oltinkoʻldagi tadbirkor zovurni yopiq tizimga oʻtkazib, 1,1 gektarda 20 ta savdo va servis obyekti qurgan. Tuman hokimlari hech boʻlmaganda 30 kilometr zovurni shu tizimga oʻtkazsa, 1 mingta savdo-servis obyekti, 10 ming ish oʻrni yaratish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga butun respublika boʻyicha trassa boʻyidagi kamida 300 kilometr zovurlarni belgilab, tadbirkorlarga taklif qilish topshirildi. Yil yakunigacha Oltinkoʻl tajribasi asosida 10 mingta savdo-servis joyi va 100 mingta ish oʻrni yaratilishi belgilandi.
Shuningdek, viloyatdagi 21 ming gektar adirni 13 ming gektariga suv chiqarib, ekin ekish mumkin. Mutasaddilarga respublikadagi barcha qir va adirlardan samarali foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Bunday yerlarga suv chiqarishda nasos ishlatish uchun elektr energiyasi narxi dehqonlarga ogʻirlik qilishini inobatga olib, quyosh paneli oʻrnatish uchun moliyaviy instrumentlarni tezroq ishlatish shartligi koʻrsatib oʻtildi.