Respublikadagi barcha tuman hokimlari Shahrisabz, Yakkabogʻ va Koʻkdalani kelib koʻrsin, oʻrgansin, oʻzida ham mana shunday yangi-yangi loyihalarni qilsin — Prezident

    Siyosat 20 Iyun 2025 457

    Davlatimiz rahbari kecha turli obyektlarga tashrifdan olgan taassurotlari bilan boʻlishdi.

    Masalan, uch yil oldin Chiroqchidan ajralib chiqqan Koʻkdala tumani. Oʻtgan davrda bu yerda 120 kilometr suv, 210 kilometr elektr tarmogʻi qurildi, 605 kilometr tuproq yoʻllar taʼmirlandi, 19 ta maktab, 22 ta bogʻcha, 5 ta oilaviy poliklinika ishga tushdi. Ishlab chiqarish korxonalari 3 karra oshib, 220 taga yetdi.

    Qisqa davrda Mirakining oʻzida 180 million dollarlik 200 dan ortiq loyiha ishga tushdi, 2 ming ish oʻrni yaratildi. Yana 150 million dollarlik loyihalarda ishlar ketayapti.

    Yakkabogʻ tuman markazida 1 ming 400 xonadonli 54 ta koʻp qavatli uylar, “Eko bozor”, zamonaviy savdo va koʻngilochar markazi barpo boʻldi.

    “Toʻgʻrisi bu menga juda maʼqul boʻldi. Mana tuman markazi qanday boʻlishi kerak! Bunday loyihalarni har bir tuman, har bir mahallada qilsak, oʻsha hududga madaniyat kiradi, islohotlarimiz joylargacha yetib borganining yaqqol natijasi boʻladi”, — dedi davlatimiz rahbari.

    Shahrisabz shahrida 10 million dollarlik koʻp tarmoqli zamonaviy klinika ishga tushirildi. Har bir hududda kamida 1 tadan mana shunday xususiy klinika ochilishiga koʻmaklashish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Buning uchun davlat 140 million dollar resurs ajratishga tayyor.

    “Qisqa qilib aytganda, Shahrisabz, Yakkabogʻ va Koʻkdalada ishga tushgan yangi loyihalar “Islohotlar shtabi”ga tayyor andoza. Respublikadagi barcha tuman hokimlari Shahrisabz, Yakkabogʻ va Koʻkdalani kelib koʻrsin, oʻrgansin, oʻzida ham mana shunday yangi-yangi loyihalarni qilsin”, — dedi Prezident.