Respublikamizda nogirionligi bor shaxslarga tegishli statistika eʼlon qilindi

    Hozir respublikamizda 1 million 58 ming nafar nogironligi boʻlgan shaxs yashaydi, shu jumladan 173 ming nafari bolalardir.

    Bugun dunyo boʻylab “Xalqaro nogironligi boʻlgan shaxslar kuni” nishonlanmoqda. Ushbu sana har bir insonning qadr-qimmati, teng huquqlari va jamiyat hayotida toʻliq ishtirok etish huquqini eslatib oʻtadi.

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida qator islohotlar amalga oshirildi. Mahallalarda ijtimoiy xodimlarning uyma-uy olib borgan ishlari natijasida 34,2 ming nogironligi boʻlgan, lekin holati rasman belgilanmagan fuqarolar aniqlanib, ularga nogironlik belgilandi (2025-yil — 13,1 ming, 2024-yil — 21,1 ming).

    Joriy yildan nogironlik belgilash jarayonlari yagona standartlar va raqamlashtirilgan tizim orqali amalga oshirilmoqda. Murojaat qilish imkoniyatlari kengaytirilib, endilikda “Inson” markazlari, ijtimoiy xodimlar, my.gov.uz portali yoki oilaviy shifokorlar orqali murojaat etish mumkin.

    Protez va reabilitatsiya vositalariga muhtoj 91,9 ming shaxs kerakli moslamalar bilan taʼminlandi. Bu koʻrsatkich 2023-yilga nisbatan 3 baravar, 2024-yilga nisbatan esa 1,5 baravar ortib, bu maqsadlar uchun 138,2 mlrd soʻm yoʻnaltirildi. Kafolatlangan vositalar roʻyxati 18 tadan 38 tagacha kengaytirildi.

    Taʼkidlanishicha, ushbu vositalarni olgan 7,3 ming shaxs rasmiy ish bilan taʼminlangan, 5 ming nafar kishi taʼlimga, 1 ming nafar esa adaptiv sport turlariga jalb etilgan.

    Bu yil nogironligi boʻlgan shaxslarni bandligini oshirish maqsadida daw.hima.uz platformasi ishga tushirildi. Platforma orqali roʻyxatga olingan 27 ming ishlash istagidagi fuqarolarning 14 ming nafari (52%) ishga joylashtirildi. Yangi loyihalar hisobidan 150 ming nogironligi boʻlgan shaxsning rasmiy bandligi taʼminlandi.

    Bundan tashqari, barcha tuman va shaharlarda 656 ta inklyuziv taʼlim guruhi tashkil etildi hamda 1 171 nafar bola taʼlimga jalb etildi. Mamlakat boʻylab “Ijtimoiy taksi” xizmati yoʻlga qoʻyilib, shu kunga qadar 678 kishi roʻyxatdan oʻtgan va 1,6 ming qatnov amalga oshirilgan.

    Nogironligi boʻlgan bolalar uchun 458 ta kunduzgi parvarish guruhi ishga tushirilib, ular orqali 3 457 nafar bola taʼlim va parvarish xizmatlari bilan qamrab olindi.

    Joriy yilda adaptiv sport turlari reyestri yaratilib, 89 ta sport turi tasdiqlandi. 90,3 ming nogironligi boʻlgan shaxs sport tadbirlariga jalb qilindi — bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan ikki baravar koʻp.

    Shuningdek, 27,2 ming shaxs agentlik sanatoriylarida sogʻlomlashtirilgan, 23 ming kishi reabilitatsiya qilingan. “Faol hayotga qadam” dasturi orqali 24,5 ming fuqaro tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya bilan qamrab olindi.