Sogʻliqni saqlash vazirligining bolalar bosh kardiologi Bunyod Akbarxonov kasallikdan himoyalanish haqida maʼlumot berdi.
— Oyoqda oʻtkazilgan surunkali tonzillit — kasallikni keltirib chiqaruvchi eng asosiy omil, — deydi mutaxassis. — Yaʼni tez-tez tomogʻi ogʻrib turadigan bolalar anginasi oʻz vaqtida davolanmasa, 10-14 kun oʻtib, ularda revmatizm rivojlanishi mumkin.
Kasallikning oʻtkir shaklida anginadan tuzalgan bemorni maʼlum muddat oʻtib, yana yuqori harorat bezovta qiladi. Tirsak, bilak-kaft usti, tizza, boldir-oyoq panjasi boʻgʻimlari va tanasining boshqa qismlari qizarib, shishadi.
10-12 kun oʻtgach, poliartritga xos barcha simptomlar yoʻqoladi. Biroq mazkur holat vaqtinchalik boʻlib, xastalik chogʻida yurakning mushak qavati, klapanlari, tashqi pardasi zararlanadi. Bu esa yurak nuqsoniga olib kelishi mumkin.
Revmatizm boshqa aʼzo va toʻqimalar, masalan, nerv tizimida ham jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi xavfi yuqori. Bunda bolaning oyoq-qoʻllari uchib turadi, oʻta qoʻzgʻaluvchanlik, tez toliqish kuzatiladi.
Xastalikning oʻtkir bosqichida bemor, odatda, shifoxonada davolanadi. Statsionardan chiqqandan soʻng ham uzoq vaqt shifokor kuzatuvida boʻladi.
Holsizlanish, tez charchash, rangparlik, ishtaha pasayishi, kechqurun tana harorati koʻtarilishi, baʼzan bosh ogʻrigʻi, yurak oʻynashi, hansirash, boʻgʻimlar sohasidagi teri ostida mayda, qattiq va ogʻriqsiz “revmatik tugunchalar” hamda pushti, halqasimon toshmalar revmatizmga xos alomatlardir.
Bu kasallikdan asab tizimi shikastlanganda, bolaning kayfiyati va xulq-atvori oʻzgarib, behalovat, eʼtiborsiz va serjahl boʻlib qoladi. Uning xotirasi pasayadi.
Bemor beixtiyor tartibsiz, beoʻxshov harakatlar qiladi. Koʻzlari pirillab, yuz mushaklari tortiladi. Natijada u oʻzi mustaqil kiyinib-yechina va ovqatlana olmaydi. Shuningdek, turtinib-surtinib yura boshlaydi.
Qaytalama revmatizm davrida organizmda immunologik va biokimyoviy buzilishlar kuzatiladi, yurakda yalligʻlanish jarayoni kuchayadi.
Revmatizmga faqat mutaxassis tomonidan tegishli tekshiruvlardan soʻng aniq tashxis qoʻyilishi mumkin. Agar oʻz vaqtida shifokorga murojaat qilinsa, bemorni muvaffaqiyatli davolasa boʻladi.