RFA kompaniyasi Oʻzbekistonda yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtdi va hozirda Chirchiq shahrida “Zero Risk” dasturidan foydalanishga alohida qiziqish bildirib, IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini olishga tayyorlanmoqda. RFA raqamli xizmatlarini xorijga eksport qilish uchun mahalliy isteʼdodli xodimlarni ishga olishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuvda RFA faoliyati uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsadida taqdim etiladigan imkoniyatlar va qoʻshimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
RFA bosh direktori Yoxan Kim Oʻzbekistonda mavjud imkoniyatlar, mamlakatdagi texnologik laboratoriyalarga boʻlgan qiziqishini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston IT-loyihalarni autsorsing qilish maqsadida yangi operatsion ofis yaratish uchun ideal joy hisoblanadi.Oʻzbekistonda IT-markazning ochilishi ikkala tomon uchun ham muhim qadamdir.
Ushbu voqea Oʻzbekiston uchun IT-xizmatlar sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, mamlakatning eksport salohiyatini oshiradi va yangi ish oʻrinlarini yaratadi. “RFA” uchun yangi markaz Oʻzbekistonning qulay ishbilarmonlik muhitidan foydalangan holda mintaqaviy bozorga strategik kirish va IT-xizmatlar eksporti koʻlamini kengaytirishdan iborat.
Maʼlumot uchun: RFA 800 dan ortiq xej-fondlar, xususiy kapital kompaniyalari, aktivlarni boshqarish boʻyicha kompaniyalar va investitsiya menejerlari uchun keng qamrovli texnologik yechimlarni taqdim etishga ixtisoslashgan. Taklif etilayotgan xizmatlar orasida bulutli yechimlar, IT-xizmatlarni boshqarish, kiberxavfsizlik, maʼlumotlar bilan ishlash, ilova xizmatlari va boshqariladigan aniqlash va javob berish tizimi mavjud.
Kompaniya bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan boʻlib, butun dunyo boʻylab (jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Lyuksemburg, Ispaniya, Fransiya, Hindiston, Singapur, Filippin va Yaponiyada) 15 ta ofisga ega va unda 300 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi.