Rieltorlar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi pasaytiriladi

    Mamlakatimizda 31 Oktabr 2020 3712

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi (PF-6098, 30.10.2020 y)

    Farmonga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan:

    2022-yil 1-yanvargacha umumiy ovqatlanish sohasidagi kichik tadbirkorlik subyektlarining bank kartalari va kontaktsiz toʻlovlardan foydalangan holda jismoniy shaxslardan olingan daromadlari umum belgilangan soliqlarni toʻlashga majburiy tartibda oʻtish maqsadida umumiy daromadga kiritilmasligi tartibi joriy etiladi;

    rieltorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 25 foizdan 13 foizgacha pasaytiriladi;

    qurilish korxonalariga mehnatga haq toʻlash fondi jami miqdorining 10 foizidan oshmagan hajmda (ijtimoiy soliq summasini hisobga olmaganda) ish haqini naqd pulda toʻlash huquqi bilan shartnoma tuzmasdan ishchilar yollashga ruxsat beriladi.

    Farmon bilan Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha maxsus komissiya va hududiy komissiyalar tashkil etildi.

    Soliq rejimini soddalashtirish hamda naqdsiz toʻlovlarni kengaytirish choralarini koʻrish Komissiyaning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

    2020-yilda respublikaning barcha hududlarida onlayn kassa mashinalarining cheklarida aks ettirilgan QR-kod yoki fiskal belgi asosida sovrinli oʻyinlarni oʻtkazish amalga oshiriladi.

    Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tarkibida – Yashirin iqtisodiyotni tahlil qilish boshqarmasi,
    Davlat soliq qoʻmitasi tarkibida Soliq nazorati departamenti tashkil etildi.

    2020-yil 1-noyabrdan davlat soliq xizmati organlari boshqaruv xodimlari soni 10 foizga qisqartiriladi.

    Davlat soliq xizmati va bojxona xizmati organlarining mansabdor shaxslari nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlarni oʻtkazish uchun haftasiga 16 ish soatidan koʻp boʻlmagan muddatga jalb qilinishi mumkin.

    Bunda, ular faqat soliq, bojxona va valyuta qonunchiligiga rioya qilishga doir tekshiruvlarni oʻtkazish uchun jalb qilinadi.

    Hujjat haqidagi toʻliq maʼlumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.