27-oktyabr kuni Riga shahrida mamlakatimiz elchisi Qadambay Sultonov, Latviya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi oʻrinbosari Anjeys Vilumsons, davlat idoralari va biznes vakillari ishtirokida Oʻzbekiston Faxriy konsulligining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Rigadagi Oʻzbekiston Savdo uyi rahbari, “Outdoor Media” kompaniyasi asoschisi va direktori Vladimir Galperin mamlakatimiz faxriy konsuli etib tayinlandi. Tantanali tadbirda unga tegishli konsullik patenti topshirildi.
Bu Oʻzbekistonning Baltiyadagi birinchi Faxriy konsulligidir.
Yangi faxriy konsul Latviyada boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga koʻmaklashish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, latviyalik sarmoyadorlar va sayyohlarni respublikamizga jalb etish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Latviya va boshqa Baltiya davlatlari bozorlariga eksportini koʻpaytirish jarayonlarida faol ishtirok etadi. Shuningdek, mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, madaniy-gumanitar va boshqa aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashadi.
Marosimda Riga shahrida Oʻzbekistonning Faxriy konsulligining ochilishi hamda Toshkentda Latviya investitsiyalar va taraqqiyot agentligi vakolatxonasining faoliyatini boshlashi Oʻzbekiston va Latviya oʻrtasidagi savdo-sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik asoslarini mustahkamlashga katta hissa qoʻshishi alohida taʼkidlandi.
Hozirgi kunda xorijda mamlakatimizning 30 ga yaqin Faxriy konsulliklari faoliyat koʻrsatmoqda.