Mamlakatimiz elchisi Abat Fayzullayev o'zining kirish nutqida mehmonlarni joriy yilda O'zbekiston Konstitutsiyasi umumxalq referendumi natijasida yangi tahrirda qabul qilingani, uning Yangi O'zbekiston islohotlari doirasidagi ahamiyati, mamlakat asosiy qonunida belgilangan tinchlik va taraqqiyot tamoyillari bilan tanishtirib o'tdi. O'zbekistonda asosiy e’tibor inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilish, samarali davlat boshqaruvi tizimini ta’minlash, har bir fuqaro asosiy huquq va imkoniyatlaridan to'liq foydalanishi uchun yaratilgan mustahkam zamin, O'zbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida o'tkazilgan taqdimotda Italiya va xalqaro doiralar vakillari «O'zbekiston – 2030» strategiyasi mazmun-mohiyati bilan tanishdilar. Xususan, Strategiyada belgilangan va mamlakatimiz oldida turgan ustuvor vazifalar, shu jumladan, fuqarolar turmush darajasini oshirish, samarali ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashqil qilish, aholi uchun qulay va barqaror ekologik sharoitlarni yaratish, adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, tinchliksevar va do'stona tashqi siyosatni davom ettirish kabi oliy maqsadlar yuzasidan ma’lumotga ega bo'ldilar.
Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili, elchi Federiko Failla tadbirdagi nutqida o'zbek tomonini Konstitutsiya kuni bilan muborakbod etib, yakunlanayotgan 2023 yil O'zbekiston va Italiya o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim yil bo'lganini ta’kidlab o'tdi.
«O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iyun oyidagi Italiyaga rasmiy tashrifi, uning davomida ikki davlat o'rtasida Strategik sheriklik munosabatlari o'rnatilgani, joriy yilning o'zida Italiya Prezidenti Serjo Mattarella rasmiy tashrif bilan O'zbekistonda bo'lgani Rim va Toshkent o'rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi», – dedi u.
Italiyaning O'zbekistondagi sobiq elchisi, «Italiya–O'zbekiston» do'stlik va hamkorlik uyushmasi a’zosi Rikkardo Manara o'z chiqishida Asosiy qonun yangilanishi mamlakatni zamonaviylashtirish, 2017 yilda boshlangan islohotlar jarayonini samarali davom ettirilishi nuqtai nazaridan yuksak ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab o'tdi.
«O'ylaymanki, bugungi O'zbekiston o'z taraqqiyoti uchun barcha imkoniyatlar ega. Iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi, yalpi ichki mahsulot o'sishi, aholining ko'p qismini bilim va ko'nikmalar orttirishga chanqoq yoshlar tashkil qilishi bunday imkoniyatlarning yaqqol namunasidir. Bunday sharoitlar 2030 yilgacha belgilangan strategiya maqsadlariga erishishda asqotadi, iqtisodiyotni rivojlantirish, fuqarolik jamiyatini faollashtirish va inson huquqlarini rag'batlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi», – dedi «Italiya-O'zbekiston» do'stlik va hamkorlik uyushmasi a’zosi.
Italiyaning Barqaror rivojlanish uchun universitetlararo tadqiqot markazi madaniy tadqiqotlar guruhi rahbari Magda Pedache o'z navbatida, O'zbekiston Konstitutsiyasi kunini nishonlash marosimida qatnashib turganidan nihoyatda mamnunligini qayd etdi.
«Tadqiqot markazimiz, «Italiya–O'zbekiston» do'stlik va hamkorlik uyushmasi ishtirokida O'zbekistondagi hamkorlarimiz bilan birgalikda bir qancha uchrashuv va anjumanlarni o'tkazdik. Kelgusi qo'shma faoliyat rejalarimiz aynan O'zbekiston oldida turgan, yangi Strategiyada belgilangan maqsadlarga erishish masalalari muhokamasiga bag'ishlanadi. O'zbekiston iqtisodiyotining o'sishi, demokratizatsiya jarayonlariga guvoh bo'layapmiz. O'zbekiston yoshlariga, umuman mamlakat aholisiga muvaffaqiyatlar tilaymiz».
Italiyadagi «Projetto Ánjeli» yosh iste’dodlarni qo'llab-quvvatlash, Italiya va O'zbekiston o'rtasidagi madaniy munosabatlarni rivojlantirish uyushmasi raisi Aida Abdullayeva ham O'zbekiston xalqini ulug' ayyom bilan tabrikladi.
«Bugungi tadbir men uchun ramziy ma’noga ega, negaki 30 apreldagi referendumda Buxoro shahrida Yevropa Ittifoqidan kuzatuvchi sifatida qatnashgan edim. Bizni O'zbekistonda ro'y berayotgan o'zgarishlar va yangiliklar quvontirmoqda. Ular mamlakatning yangi asosiy qonunida ham aks ettirilgani bejiz emas», dedi u.
«Global Action» nodavlat tashkiloti vitse-prezidenti Perfranchesko Torrizi, o'z ma’ruzasida ta’lim sohasidagi o'zgarishlar va o'zaro hamkorlik haqida to'xtaldi.
«Bugungi taqdimotda O'zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi va «O'zbekiston – 2030» strategiyasi bo'yicha ma’lumotlarni diqqat bilan eshitdim. Ulardagi ayniqsa yosh avlod uchun ko'zlangan tamoyillar meni quvontirdi. O'zbekiston bilan hamkorlik qilayapmiz. Yaqinda mamlakatingizdan
25 nafarga yaqin talabalar qabul qilishni rejalashtirayapmiz», dedi Perfranchesko Torrizi.
«Link Campus University» asoschisi Vinsenso Skottining aytishicha, joriy yilning iyun oyida O'zbekiston Prezidentining Italiyaga, noyabr oyida esa Italiya Prezidenti Serjo Mattarellaning rasmiy tashrif bilan O'zbekistonda bo'lishi o'zaro munosabatlarimiz kursidan dalolat beradi.
«Odatda bizning tajribada hech qachon ikki davlat o'rtasida bir yilning o'zida ikki oliy darajadagi tashrif tashkil etilmagan, va bu juda muhim. Hozirgi kunda Italiyaning ko'plab oliy ta’lim muassasalari O'zbekistonga qiziqish bildirmoqda. Bu esa o'z navbatida Italiya va O'zbekiston tadqiqotchilari o'rtasida o'zaro aloqalarni rivojlanishida katta ahamiyatga ega»,- dedi u.