Rishi Sunak – Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri

    Sobiq moliya vaziri Rishi Sunak Britaniya Konservativ partiyasining yangi rahbari va mamlakat bosh vaziri boʻldi.

    Jamoalar palatasi spikeri Penni Mordont keyingi kurashdan bosh tortganidan keyin Sunak bu lavozimga yagona daʼvogar boʻlib qoldi.

    Saylovda qatnashish uchun nomzodni parlamentda tori partiyasining kamida 100 nafar aʼzosi qoʻllab-quvvatlashi kerak. Boshqaruvdagi partiya qoʻmitasi qaroriga koʻra, agar bu ishni faqat bir kishi uddalay olsa, u oʻz-oʻzidan partiya rahbari va bosh vazir boʻladi.

    Sobiq bosh vazir Boris Jonson konservatorlar yetakchisi lavozimiga oʻz nomzodini ilgari surmadi.

    Hozir 42 yoshda boʻlgan Rishi Sunak Buyuk Britaniyaning 1812-yildan shu kungacha saylanganlar orasida eng yosh bosh vazir va bu lavozimni egallagan birinchi hindistonlik siyosatchi boʻldi.

    Jonsondan keyin bosh vazir lavozimini egallagan Liz Trass rekord darajadagi qisqa muddat – 44 kun faoliyat yuritdi va oʻtgan hafta isteʼfoga chiqishini eʼlon qildi.