OʻzAning xabar berishicha, endilikda ikki davlatdagi chegara oʻtkazish maskanlari barcha fuqarolar hamda yengil avtomashinalar harakatlanishlari uchun ochiq.

“Rishton” bojxona chegara postining ochilishi katta shodiyonaga aylandi. Chegara majmuasida Qirgʻizistondan tashrif buyurgan mehmonlar keng jamoatchilik hamda yoshlar vakillari ishtirokida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.

Tadbirda soʻz olgan Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda Botken viloyati gubernatori Omurbek Suvonaliyev va boshqalar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida boshqa sohalardagi aloqalar kengayib borayotgani, xususan, chegaraoldi hududlarning hamkorligi tobora faollashayotganini taʼkidlashdi.

– Bugun ikki xalq uchun katta shodiyona, – deydi viloyat rahbari. – Qariyb oʻn yildan buyon berk boʻlgan chegara postlarimizning ochilishi haqiqatdan ham muhim voqeadir. Xalqlarimizning doʻstligi abadiy boʻlsin.

Darhaqiqat, barcha chegara postlarning ochilgani xalqimiz dilidagi ish boʻldi. Barcha uchun bojxona chegara postining ochilganligi haqidagi xushxabarni ikki qardosh xalq katta xursandchilik bilan kutib oldi.