Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-5-fevral kuni viloyatimizga tashriflari chogʻida bergan koʻrsatma va topshiriqlari hamda Oʻzbekiston Prezidentining 2021-yil 23-martdagi “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5033-son qarori ijrosi doirasida barpo etilayotgan ushbu majmua, Rishton tumanida 2021-2022-yillarda qurib bitkaziladigan toʻrtta yangi Hunarmandlar markazinining biri boʻladi.
0,80 gektar maydonda qad rostlayotgan 3 qavatli Hunarmandlar markazining loyiha qiymati 22,4 mlrd. soʻmni tashkil qiladi. 16 ta hunarmandlar xonadonini oʻz ichiga oladigan markaz loyihasi uchun “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan imtiyozli kredit ajratilgan.
Viloyat rahbari shuningdek, “Oq-yer” MFYda joylashgan Rishton Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi hududidagi 0,50 gektar maydonda barpo etishga kirishilayotgan Hunarmandlar markazi inshooti boshlanishiga bagʻishlangan tadbirda ham ishtirok etdi.
“Qalaynav” va “Oq-yer” MFY hududlaridagi ushbu ikki markaz joriy yil foydalanishga topshiriladi.
Shuningdek, kelgusi yilga qadar tumanning “Uch-Ariq” va “Tura obod” MFY hududlarida ham mana shunday ixtisoslashtirilgan Hunarmandchilik majmualari qad rostlaydi.