Viloyat rahbari Xayrullo Bozorov Rishton tumanidagi oʻrganishlari jarayonida tadbirkor Islomjon Orifjonov tomonidan qurilayotgan “Chinor plyus 2020” turistik majmuasi hamda kulolchilik markazida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.

Rishton tumani Oqer MFY hududida joylashgan majmuaning loyiha qiymati 37 mlrd. soʻmni tashkil etib, shundan 12 mlrd.soʻm tadbirkorning oʻz mablagʻi hisobiga toʻgʻri keladi. Joriy yil iyul oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan turistik majmuada mehmonxona, sauna, yozgi va qishki basseyn va boshqa xizmat koʻrsatish shaxobchalari joylashgan boʻlib, Rishton turistik salohiyatining yanada rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshadi. Ushbu majmuaga yondosh hududda barpo etilayotgan Kulolchilik markazida ham qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Xayrullo Bozorov tumandagi “Qalaynav" MFY hududida barpo etilayotgan Hunarmandlar markazidagi qurilish ishlarini ham koʻrdi. 0,8 gektar maydonda qad rostlayotgan 2 qavatli Hunarmandlar markazining loyiha qiymati 22,4 mlrd. soʻmni tashkil qiladi. 16 ta hunarmandlar xonadonini oʻz ichiga oladigan markaz loyihasi uchun “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan imtiyozli kredit ajratilgan.

Prezidentimizning 2021-yil 23-martdagi “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida barpo etilayotgan ushbu majmua, Rishton tumanida 2021-2022-yillarda qurib bitkaziladigan toʻrtta yangi Hunarmandlar markazining biri boʻladi, deb xabar bermoqda “Hunarmand” uyushmasi axborot xizmati.