Rishtonda Xalqaro kulolchilik forumi boʻlib oʻtadi

    Mamlakatimizda 28 May 2022 2225

    Joriy yil sentyabr oyida Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari koʻrgazma-savdosi boʻlib oʻtadi.

    Forumning maqsadi jahon iqtisodiyotida muhim tarmoq hisoblangan hunarmandchilikni keng targʻib qilish, hunarmandchilikning asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan kulolchilik anʼanalari va maktablarini saqlash, sohadagi ilmiy izlanishlar koʻlamini kengaytirish, oʻzaro tajriba almashish, yangi ish oʻrinlarini yaratish va iqtidorli hunarmandlarni ragʻbatlantirishdan iboratdir.

    “Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari koʻrgazmasi” doirasida “Anʼanaviy kulolchilikni saqlash va uni rivojlantirish: muammo va yechimlar” ilmiy-amaliy konferensiyasi, kulolchilik mahsulotlari koʻrik-tanlovi, xorijiy va mahalliy ustalar mahorat darslari, xalq sayillari, konsert dasturlari, koʻrgazmalar, kulolchilikka oid badiiy va hujjatli filmlar namoyishlari, ustaxonalarga ekskursiyalar va boshqa koʻplab tadbirlar oʻtkaziladi.