Kelishuv Oʻzbekistondagi axborot texnologiyalari, robototexnika va autsorsingni rivojlantirish sohalarida hamkorlik oʻrnatish, mamlakatda kompaniya filialini ochish va IT Park rezidenti maqomini olishni nazarda tutadi, deb xabar beradi Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati.
“NUWA Robotics” kompaniyasiga 2016-yilda Xitoyda asos solingan boʻlib, inson bilan oʻzaro chuqur aloqada boʻlishga qodir robotlarni ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Kompaniya sunʼiy intellekt, dasturiy va apparat taʼminotlarini yaratish, robotlar ishlab chiqarish va ularning UX -dizayniga ixtisoslashgan.
Hozirda “NUWA Robotics” kompaniyasi Tayvan, Xitoy, Yaponiya va boshqa mamlakatlarda oʻz ofislariga ega. AQSH, Xitoy, Hindiston va shu kabi 10 dan ortiq mamlakatlardagi korxonalar mazkur kompaniyaning mijozlari hisoblanadi. Kompaniya allaqachon butun dunyo boʻylab yigirma mingdan ziyod robotlarni foydalanishga topshirdi. Shuningdek, ularning mahsulotlari esa mingdan ortiq oilalar va taʼlim muassasalari tomonidan qoʻllaniladi.