“Rolls-Royce” elektrosamolyoti tezlik bo'yicha rekord o'rnatdi

    Britaniyaning Rolls-Royce kompaniyasi (eng yaxshi samolyot dvigatellari va hashamatli avtomobillari bilan mashhur) o'zining Spirit of Innovation kichik samolyoti shu turdagi havo transportlari ichida jahon tezlik rekordini o'rnatganini e'lon qildi.

    Samolyot sinov parvozi davomida soatiga 623 km tezlikka erishdi, deyiladi kompaniya bayonotida.

    Butunjahon aviasiya federasiyasining mustaqil ekspertizasi hali rekordni tasdiqlamadi, ammo agar xabar to'g'ri bo'lsa, bu elektr samolyoti erishgan eng yuqori tezlikdir.

    Parvoz 16-noyabr` kuni Uiltshir grafligidagi Boskoum-Daun harbiy-havo kuchlari bazasida amalga oshirilgan. Samolyotni boshqargan uchuvchi Fil O’Dell bu parvozni faoliyatidagi muhim voqea, deb ta'rifladi.

    Rolls-Royce kompaniyasining ta'kidlashicha, uning kichik samolyoti Germaniyaning Siemens elektrosamolyoti tomonidan 2017 yilda o'rnatilgan so'nggi rekorddan soatiga 213 km oshib ketgan. Samolyot shuningdek, 3 va 15 km masofalarda va 3000 m gacha ko'tarilish tezligida alohida rekordni yangiladi. Samolyot bu balandlikka 202 soniyada erisha oldi, bu avvalgi rekordchidan bir daqiqa oldinda.

    Rolls-Royce samolyoti 400 kilovattli elektr motor bilan jihozlangan, bu taxminan 535 ot kuchiga teng. Kompaniyaning ta'kidlashicha, samolyot akkumulyatori barcha kichik samolyotlar ichida eng kengi hisoblanadi — u bir vaqtning o'zida 7500 ta smartfonni quvvatlantirish uchun etarlidir.

    “COP26” iqlim konferensiyasidan so'ng dunyoda aviasiya chiqindilarini nolga yaqinlashtiradigan muhim bosqich haqida kelishuvga erishilgandi”, dedi bosh direktor Uorren Ist.

    “Bu havo, quruqlik va dengiz transporti chiqindilarini kamaytirish uchun yuqori texnologiyalarni qo'llash borasidagi muhim qadamdir”, — deya qo'shimcha qildi u.