Mazkur hujjat Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov va “Rosseti” aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori Andrey Ryumin tomonidan imzolandi.

Imzolangan Yoʻl xaritasining asosiy qismini Oʻzbekiston magistral elektr tarmoqlari hamda yuqori kuchlanishli podstansiyalarni rivojlantirish, yangi-yangi loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda oʻzaro tajriba almashish tashkil etadi.

Eslatib oʻtamiz, 2020-yil oktyabr oyida Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston–Rossiya hukumatlararo komissiyasining 21-yigʻilishi doirasida “Rosseti” AK va “Oʻzbekiston MET” AJ oʻrtasida strategik hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolangan edi. Unda Oʻzbekistonning elektr tarmoqlari infratuzilmasini qurish va modernizatsiya qilish, shu jumladan sohada ilgʻor texnologik yechimlar — raqamli texnologiyalarni joriy etish koʻzda tutilgan edi, deb xabar beradi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.

“Rossiya va Oʻzbekiston energetika tizimi, shu jumladan elektr tarmoqlari azaliy hamda mustahkam aloqalarga ega. Bizda umumiy urf-odatlar, yagona muhandislik maktabi va bir-biriga yaqin, oʻxshash soha standartlar hamda talablar mavjud. Bu Oʻzbekistonda energetika sohasini rivojlantirish, ilgʻor texnologik yechimlarni joriy etish, xalqaro hamkorlik sohasida mamlakatlarning energetika mutaxassislarining vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan keng koʻlamli qoʻshma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zamin yaratmoqda”, – dedi Andrey Ryumin.

“Biz xorijiy hamkorlar bilan magistral elektr tarmoqlari hamda yuqori kuchlanishli podstansiyalarni rivojlantirish boʻyicha Hukumatimiz topshiriq va koʻrsatmalariga asosan bir qator ishlarni amalga oshiryapmiz. Shu jumladan, “Rosseti” bilan hamkorligimiz 2019-yil 2–4-oktyabr kunlari Moskva shahrida oʻtkazilgan “Rossiya Energetika haftaligi” (REH) xalqaro forumi doirasidagi uchrashuvlarimizdanoq boshlangan edi. Oʻzbekiston–Rossiya energetika sohasidagi hamkorlik darajasi bugungi kelishuvlardan soʻng yangi bosqichga koʻtariladi, deb hisoblaymiz”, – dedi Dadajon Aynaqulovich.