Bu haqda Migratsiya agentligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 597 nafar fuqaro, shu hisobda 110 nafar ayol va ularning 228 nafar voyaga yetmagan farzandi O‘zbekistonga qaytarildi. Shuningdek, 91 nafar fuqaroga bir martalik moddiy yordam ajratildi.

Bundan tashqari, boshpanasiz qolgan 83 nafar yurtdosh bir oy muddatga bepul xostelga joylashtirildi. Og‘ir kasallikka chalingan 3 nafar hamyurtning davolanish xarajatlari esa qisman qoplab berildi.

Hisobot davrida 860 nafar murojaatchiga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatildi. Xususan, 64 nafar fuqaroning jami 4 million rubl miqdoridagi ish haqi undirilibb berildi.

Shuningdek, 53 nafar fuqaroga Vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirildi, 31 nafarning ish beruvchi tomonidan olib qo‘yilgan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari qaytarildi. Yana 712 nafar yurtdoshga huquqiy maslahat berildi.

Vakolatxona ko‘magida ishsiz qolgan 220 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiyadagi 7 ta korxonaga ishga joylashtirildi.

Migratsiya agentligi Rossiya Federatsiyasida ish haqi to‘lanmasligi, hujjatlarning olib qo‘yilishi, ish beruvchi bilan nizolar yoki boshqa huquqiy muammolarga duch kelgan fuqarolarni Moskva shahridagi Vakolatxonaga murojaat qilishga chaqirdi.