Rossiya -Belarus chegarasida Oʻzbekistonga tegishli yuk avtomobillari toʻplanib qoldi

    Transport 15 Yanvar 2024 839

    Bunga Rossiya Federatsiyasi tomonidan yuk mashinalarining Rossiya va Belarus chegarasidan oʻtishida yangi tartib joriy etilgani sabab boʻlgani aytilmoqda.

    Transport vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, 2024-yil yanvar oyidan boshlab, Belarus—Rossiya chegarasidagi “Krasnaya gorka”, “Rudnya”, “Krasnыy kamen” nazorat punktlaridan uchinchi davlat fuqarolarining oʻtishi cheklandi.

    Yangi tartibga muvofiq, ikki davlat chegarasidan faqat Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi fuqarolari erkin oʻtishi (kirish va chiqish) mumkin.

    Taʼkidlanishicha, ushbu tartib avtotransportda xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirayotgan haydovchilarga ham tegishli.

    Uchinchi davlat (shu jumladan YOOIIga aʼzo davlatlar) fuqarolari boʻlgan xalqaro yuk tashuvlari faoliyati bilan shugʻullanuvchi haydovchilar Rossiya Federatsiyasiga kirishi va mamlakatni faqat xalqaro chegara-nazorat punktlari orqali tark etishi mumkin.

    Yangi tartibning joriy etilishi ortidan uchinchi davlat, xususan, Oʻzbekiston fuqarolari boshqaruvida boʻlgan yuk mashinalarining Rossiya-Belarus chegarasida toʻplanib qolish holati kuzatildi.

    Yuzaga kelgan mazkur holat Oʻzbekiston va Belarus Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasi transport vazirliklari rahbariyati darajasida muhokama etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi rahbariyati tomonidan ushbu holatda milliy tashuvchilarimiz manfaatlarini inobatga olgan holda Hukumat darajasida yechim topish yuzasidan diplomatik kanallar orqali muzokaralar olib borilyapti, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.