Rossiya-Oʻzbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichi

    Mamlakatimizda 22 Sentabr 2021 601

    2021-yil 20-sentyabrda “Rossiya va Oʻzbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari” mavzusida xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston va Rossiya tashqi siyosat mahkamalari rasmiylari, Oliy Majlis aʼzolari, shuningdek, 50 dan ortiq iqtisodiy tahlilchi va ekspert ishtirok etdi.

    Anjumanni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev olib bordi.

    Tadbirda oʻzbekistonlik va rossiyalik ekspertlarning ikki tomonlama formatdagi ikkinchi uchrashuvi boʻlib, unda Oʻzbekiston — Rossiya oʻrtasidagi siyosiy, diplomatik munosabatlar, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar rivoji yuzasidan fikr almashildi.

    Anjumanda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishiga taʼsiri, mintaqaviy xavfsizlikka doir tahdidlar, bu sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlik masalalari ham koʻrib chiqildi.

    Ishtirokchilar ikki tomonlama munosabatlar kun tartibining amaliy vazifalarini hal etishda faol rivojlanayotgan parlamentlararo muloqotning oʻrni muhimligini taʼkidladilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.