Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti binosida boʻlib oʻtgan uchrashuvda tomonlar oʻzaro savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish surʼatlarini jadallashtirish, sarmoyaviy va hududlararo hamkorlik koʻlamini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Taʼkidlanishicha, birinchi yarim yillikda Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 29 foizga oshgan, asosan eksport hisobiga. Oʻzbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi 3 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritib kelyapti. 2023-yil oxirida avtomobil va temir yoʻl transportida yuk tashish oʻrtacha 35 foizga oshdi, havo qatnovlarida ham sezilarli oʻsish kuzatib borilyapti.
Oliy va yuqori darajadagi tashriflar chogʻida erishilgan investitsiya bitimlari va loyihalarini bajarilishini nazarda tutgan holda amaldagi kelishuvlarning ijrosi koʻrib chiqildi.
Toshkentda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filialini ochish va Strategik tashabbuslar ekspert markazi faoliyatini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi. Loyihaning amaliy jihatlarini atroflicha muhokama qilgach, Laziz Kudratov va Maksim Reshetnikov TDIU rektori Toʻlqin Teshabayev hamrohligida universitetni aylanib chiqdilar va tashabbusni amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.