Migrantlar Rossiyada ishlab topgan mablag'larini o'z vatanlariga olib chiqib, valyutaga bo'lgan talab va dollar kursining o'sishini sun'iy ravishda rag'batlantirmoqda, deydi Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan Davlat Dumasi deputati Mixail Matveyev. U o'zining Telegram-kanalida Rossiya iqtisodiyotidan migrantlarning o'z davlatlariga pul o'tkazmalari ko'lamidan xavotir bildirdi. Unga ko'ra, bu miqdorlar valyuta bozoriga sezilarli ta'sir ko'rsatadi va rubl kursini zaiflashtiradi.
“Qo'shimcha tarzda aytish kerakki, “do'stona” deb ataladigan deyarli barcha MDH davlatlari Rossiya banklari va MIR kartalariga qarshi sanksiyalar kiritgan, ya'ni bu mamlakatlarga Rossiyadan rubl o'tkazish qiyin. Shuning uchun migrantlar valyutani naqd sotib olib, mamlakatdan olib chiqib ketishadi”, deya ta'kidladi Matveyev.
Avvalroq, 2024-yil boshidan buyon bir million migrant Rossiyani tark etgani ma'lum bo'lgan edi. Qayd etilishicha, mamlakatni tark etgan muhojirlar qaytishdan o'zini tiyayapti. Shu bilan birga, ularning ishlab chiqarish sohasida yil davomida o'rtacha daromadlari 105 ming rubldan 150 ming rublgacha bo'lgan, deb xabar beradi lenta.ru.