Rossiya delegatsiyasi O'zbekistondagi o'zgarishlarni e'tirof etdi

    Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi mudofaa masalalari bo'yicha qo'mitasi raisi, Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi prezidenti Vladimir Shamanov boshchiligidagi delegatsiya 22-25 aprel` kunlari O'zbekistonda bo'ldi.

    Delegatsiya a'zolarini dastlab O'zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov qabul qildi. Uchrashuvda ikki davlat o'rtasidagi do'stlik, o'zaro hamkorlik masalalariga alohida to'xtalib o'tildi.

    Tashrif davomida delegatsiya a'zolari Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga ham tashrif buyurdi. Jumladan, Mirzacho'l tumani markazi Gagarin shahrida kosmonavt Yuriy Gagarin sharafiga qurilgan muzeyning ochilish marosimida ishtirok etdi.

    Tadbirda Jizzax viloyati hokimi ergash Soliev, Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Shamanov va boshqalar ushbu muzey kosmonavtika fani tarixi va yutuqlari, jahon falakiyoti ilmiga katta hissa qo'shgan Mirzo Ulug'bek, Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk siymolar ilmiy merosi bilan yoshlarni tanishtiruvchi muhim ilmiy-ma'rifiy maskan ekanini ta'kidladi.

    – Bundan 60 yil muqaddam birinchi bo'lib koinotga ilk parvozni amalga oshirgan Yuriy Gagarin jasorati kosmonavtika fanining buyuk yutug'i sifatida tarixda mangu qoldi, – deydi V.Shamanov. – Kosmonavtika tarixidagi bu yutuq barchamiz uchun qadrli. O'zbekistonda Gagarin nomi bilan ataluvchi obod shahar borligi, bugun bu shaharda kosmonavtika muzeyi ochilishi mamlakatda ilm-fan taraqqiyotiga berilayotgan katta e'tiborning ifodasidir.

    Muzeydan kosmonavtika yutuqlari, unda O'zbekistonning hissasi, Mirzo Ulug'bek, Beruniy kabi buyuk allomalarning falakiyot ilmi taraqqiyotidagi o'rniga bag'ishlangan bo'limlar barpo etilgan.

    Rossiyalik mehmonlar muzeyga yangi eksponatlar taqdim etdi. Vladimir Shamanov Yuriy Gagarinning bir necha suratlari, Solijon Sharipov kosmosga parvozida olib chiqqan o'zbek do'ppisini muzeyga qo'ydi.

    – O'zbekistonga 2 yil muqaddam kelgan edik, – deydi asli o'zbekistonlik, Rossiya Federatsiyasi qahramoni, kosmonavt Vladimir Jonibekov. – Qarang qanchalik ulkan o'zgarishlar yuz beribdi. Islom Karimov nomidagi aeroportdan Toshkent shahriga chiqqanimizda, o'zimning qadrdon Toshkentimni taniy olmay qoldim. O'zbekistonda har bir sohada juda ulkan islohotlar amalga oshirilyapti. Men Rossiyada turib jonajon yurtimdagi ulkan o'zgarishlar bilan faxrlanaman.

    Rossiya delegatsiyasi Samarqand va Buxoro shahrida bo'lib, tarixiy qadamjolarni tomosha qildi.

    Delegatsiya a'zolari Qarshi shahrida joylashgan O'zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida ham bo'ldi. U erda kursantlarning ta'lim olishi va uchuvchilik sir-asrorlarini chuqur o'rganishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

    Delegatsiya a'zolari poytaxtimizda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g'alabaga o'zining munosib hissasini qo'shgan o'zbek xalqi qahramonligiga atab bunyod etilgan “G'alaba bog'i” va “Shon-sharaf” muzeyida ham bo'ldi.

    SHundan so'ng O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida mehmonlar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, professorlar, madaniyat xodimlari, senator va deputatlar, shuningdek, akademiya jamoasi ishtirok etdi.

    Mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov kirish so'zida so'nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarga to'xtalib o'tdi. Rossiya Federatsiyasi bilan yurtimiz o'rtasidagi rivojlanib borayotgan ikki tomonlama istiqbolli hamkorlik har ikki davlat rivoji uchun ulkan hissa qo'shishini alohida ta'kidladi.

    Muloqot chog‘ida akademiya kursantlari, o'qituvchilar o'zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

    Shuning bilan Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi mudofaa masalalari bo'yicha qo'mitasi raisi, Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi prezidenti Vladimir Shamanov boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga tashrifi nihoyasiga etdi.