Majlis davomida oliy darajadagi ikki tomonlama tashriflar yakunlari bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, O‘zbekiston tomonidan so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Komissiyaning O‘zbekiston tomonidan hamraisi Sodiq Safoev O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi mintaqalararo iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, mehnat migratsiyasi masalalarini alohida amaliy o‘rganish taqozo etiladi, chunki aynan shu yo‘nalishda qonunchilikni takomillashtirish orqali mehnat migrantlari huquqlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash zarur.

O‘z navbatida, Rossiya tomonidan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashining Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Komissiyaning hamraisi Ilyos Umaxanov ta'kidlaganidek, bu yil muhim yubiley – Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan nishonlangani bilan ahamiyatli. Ikki tomonlama munosabatlar 30 yildan ancha oshgan, chunki O‘zbekiston va Rossiya xalqlarini ko‘p asrlik do‘stlik, mushtarak tarix, birgalikdagi yutuq va g‘alabalar bog‘lab turadi.

Uchrashuvda oliy ta’lim va ilm-fan, turizm sohalaridagi hamkorlik istiqbollari, shuningdek, Rossiya va O‘zbekistonning qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish kesimida mintaqalararo hamkorlikni kengaytirishning holati va dolzarb vazifalari muhokama qilindi.Uchrashuv yakunida tomonlar Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo komissiyaning sakkizinchi majlisini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.