Rossiya Federatsiyasidagi mehnat migrantlarimiz uchun oʻquv tashkil etiladi

    Ijtimoiy hayot 24 Sentabr 2020 1375

    Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati taʼlim vazirligi mutasaddilari bilan uchrashuv tashkil etildi.

    Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida mehnat migratsiyasi sohasida bir qator masalalar yuzasidan muzokaralar oʻtkazish maqsadida Hukumat delegatsiyasi aʼzolari ushbu mamlakatda boʻlib turibdi.

    Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati taʼlim vazirligi, RUDN , “World Skills Russia” mutasaddilari ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan oʻzbekistonlik mehnat migrantlarini kasb va rus tiliga oʻqitish borasida kelishuvlarga erishilyapti.

    Uchrashuvda qayd etilganidek, Yekaterinburgda oʻqitish joylari tanlanib, 5-oktyabrdan markaz faoliyati boshlanishiga, shuningdek, Krasnoyarsk va Chelyabinsk viloyatlarida ham kasb va xorijiy tillarga oʻqitish markazlarini tashkil qilish boʻyicha kelishib olindi. Mazkur hududlardagi oʻqish istagidagi oʻzbekistonlik mehnat migrantlari aniqlanib, roʻyxati shakllantirila boshlandi.

    Maʼlumot uchun, avvalroq Moskva va Novosibirsk shaharlarida ana shunday oʻquv kurslari tashkil etilgan edi.

    Shuningdek, Qozon va Sankt-Peterburg viloyatlarida ham shunday markazlar tashkil etiladi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.

    Xabarda, shuningdek, oʻqish istagidagi fuqarolarning Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Yekaterinburgdagi vakolatxonasiga +79259508977 telefon raqami orqali murojaat qilishi mumkinligi eslatiladi.