Rossiya Federatsiyasining ikkita viloyatiga dronlar hujum qildi

    Chorshanbaga o'tar kechasi dronlar Rossiyaning Ryazan va Voronej viloyatlariga hujum qildi. Ryazan neftni qayta ishlash zavodida yong'in sodir bo'ldi.

    Bu haqda Ryazan viloyati gubernatori Pavel Malkov va Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusev ma'lum qildi.

    Guvohlarning so'zlariga ko'ra, neftni qayta ishlash zavodiga hujum ertalab soat uchlarda sodir bo'lgan. Avval shovqin eshitildi, keyin ikkita portlash sodir bo'ldi.

    Hozirda zavodda operativ xizmatlar ishlamoqda.

    Pavel Malkov hujumni tasdiqlab, bitta dron urib tushirilganini qayd etdi. Rasmiylar Ryazan neftni qayta ishlash zavodiga uchib kelgan uchuvchisiz uchish qurilmalar sonini e'lon qilmadi.

    Aleksandr Gusev o'zining telegram-sahifasida chorshanbaga o'tar kechasi Voronej viloyati hududida ikkita dron urib tushirilganini yozdi.

    Uning so'zlariga ko'ra, ulardan biri Voronej chekkasida, yana biri Voronej viloyatida urib tushirilgan.

    Ryazan neftni qayta ishlash zavodi “Rosneft`” nazorati ostida. Qayta ishlangan neft mahsulotlarining asosiy qismi eksport qilinadi, deb xabar beradi report.az.