Tashrif davomida V. Gerasimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik Kengashi kotibi V. Maxmudov hamda Mudofaa vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov bilan uchrashdi.
Uchrashuvlarda delegatsiya rahbari bilan ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlik masalalarining joriy holati hamda istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama etildi. Harbiy taʼlim, hamkorlikdagi oʻquvlar va treninglar, jangovar tayyorgarlik yoʻnalishlarida oʻzaro tajriba almashish masalalari koʻrib chiqildi.
Shuningdek muzokaralar davomida “ArMI – 2021” xalqaro armiya oʻyinlari bugungi kunda ishtirokchi davlatlar harbiy xizmatchilarining oʻzaro jangovar kuch sinashish, tajriba almashish maydoniga aylanib borayotgani va uning geografik koʻlami tobora kengayib borayotgani eʼtirof etildi. Taʼkidlash joizki, joriy yilda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoalari “ArMI – 2021” doirasida oʻtkazilayotgan musobaqalarning 24 ta yoʻnalishida ishtirok etmoqda.
Rossiya delegatsiyasi tashrif davomida Toshkent shahridagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi bilan tanishishi koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari V. Gerasimovning 6-avgustda “Termiz” poligonida Oʻzbekiston – Rossiya hamkorligidagi oʻquvlarning faol bosqichi va tantanali yopilish marosimida ishtirok etishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.