Rossiya harbiy kemalarining Kubaga yetib kelishi fonida AQSh orolga suv osti qayig'ini yubordi

    AQSh Rossiya harbiy-dengiz kuchlari kemalari otryadining Kubaga yetib kelgani fonida yuqori tezlikda harakatlanuvchi USS Helena suv osti qayig'ini Guantanamo ko'rfaziga jo'natdi.

    Bu haqda AQSh qurolli kuchlarining janubiy qo'mondonligi ma'lum qildi.

    Unda aytilishicha, suv osti qayig'i odatiy tarzda Kuba ko'rfazida joylashgan. Biroq, Associated Press agentligining yozishicha, AQSh harbiy-dengiz flotining suv osti qayig'i Rossiya kemalariga javoban yetib kelgan.

    Bundan oldin Kuba Tashqi ishlar vazirligi Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining bir guruh kemalari Gavana bandargohiga 12-iyun kuni rasmiy tarzda kelishi haqida xabar bergan edi. Unga ko'ra, gap “Admiral Gorshkov” fregati, “Kazan`” atom suv osti qayig'i, “Akademik Pashin” tankeri va “Nikolay Chiker” qutqaruv kemasi haqida bormoqda. Bayonotda ta'kidlanishicha, “kemalarning hech biri yadroviy qurolga ega emas” va shuning uchun ularning qolishi “mintaqa uchun xavf tug'dirmaydi”.

    Shundan so'ng, Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi qoshidagi strategik aloqalar bo'yicha koordinatori Jon Kirbi CNN telekanaliga bergan interv`yusida Vashington ma'muriyati Rossiya kemalarining Gavana bandargohiga yetib kelganida xavf ko'rmayotganini aytdi, deb xabar beradi report.az.