Rossiya Ichki ishlar vazirligining nazorat ostidagi shaxslar reyestridan 160 mingga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi oʻchirildi

    Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadagi fuqarolarning huquqiy maqomi va migratsiya masalalari yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

    «Dunyo« axborot agentligining Oʻzbekiston TIVning Konsullik-huquqiy departamenti attashesi Temurbek Xamidovdan olgan intervyusida Rossiya Ichki ishlar vazirligining nazorat ostidagi shaxslar reyestridan 160 mingga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi chiqarib tashlangani aytildi. Ulardan 70 mingdan ortigʻi migratsiya organlarida oʻz maqomini tartibga solgan, qolgan qismi esa belgilangan muddatlarda mamlakatdan chiqib ketgan yoki boshqa asoslarga ega boʻlgan.

    TIV maʼlumotlariga koʻra, vazir oʻrinbosari Olimjon Abdullayevning Rossiya elchisi bilan oʻtkazgan uchrashuvida migratsiya tekshiruvlari, reydlar, fuqarolarning taʼlimga kirish imkoniyatlari va oilaviy sharoitda mehnat faoliyatini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv chogʻida har qanday tekshiruvlar adolatli oʻtkazilishi va fuqarolar huquqlari kamsitilmasligi zarurligi taʼkidlandi.

    Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston tomoni migrantlar uchun tartib-taomillarni soddalashtirish, hujjatlarni ishga ketishdan oldin rasmiylashtirish, rus tili va qonunchilik boʻyicha oʻquv markazlarini Toshkent va Jizzaxda tashkil etish boʻyicha takliflarni muhokama qilgan.

    TIVning maʼlum qilishicha, Rossiyadagi Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari fuqarolar huquqlarini himoya qilish boʻyicha faol ish olib bormoqda. Joriy yilning 9 oyi davomida 50 mingdan ortiq murojaat koʻrib chiqilgan, 3,2 ming fuqaroga ish topish yoki mehnat nizolarini hal etishda yordam berilgan. Shuningdek, 381 nafar fuqaroga 309 ming dollardan ortiq maoshni undirib berishda koʻmaklashilgan.

    Konsulxonalar 1,3 mingga yaqin fuqaroning ish beruvchilar tomonidan noqonuniy olib qoʻyilgan pasportlarini qaytarib berdi. 552 nafar qiyin ahvolga tushgan fuqaroga moddiy yordam koʻrsatildi. 17 ming 400 dan ortiq oʻzbekistonlikka Vatanga qaytishda yordam berildi.

    TIV Rossiyadagi migratsiya amnistiyasi haqidagi tushuntirish ishlari, sayyor uchrashuvlar, ish oʻrinlari boʻyicha muzokaralar va pasportlashtirish jarayonlari davom etishayotganini maʼlum qildi.